12:41 / 15.06.2017
31895

Turkiyaga qiz va ayollarni fohishalik bilan shug‘ullanish uchun jo‘natgan shaxslar qamaldi

Pastdarg‘om tumanida tug‘ilib, shu yerda ulg‘aygan Ra'no Adizova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) turmushga chiqqach, uch nafar farzandli bo‘ldi. Biroq turmushidagi noahillik bois eri bilan ajrashdi. Ayol uch bola bilan ko‘chada qolgandan so‘ng xilqatiga nomunosib yashash tarzini tanladi. Turli fahsh ishlarga qo‘l urdi, o‘ziga hammaslak xushtorlar orttirdi. Xom xayollarga inonib, xorijga yo‘l oldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Turkiya davlatida sarson-sargardonlikda, xonadonma-xonadon yurdi, ish axtardi. Shu yerda fohishaxonalar tashkil qilib, qiz-juvonlarni yollab “ishlatadigan” Malika bilan tanishib, uning hamtovog‘iga aylandi. Ra'no Malika kutgan odam bo‘lib chiqdi, O‘zbekistondan unga qizlar va ayollarni jo‘natib turishga ko‘maklashadigan bo‘ldi. R.Adizova O‘zbekistonga qaytgach, eski tanishi, ayni paytda xushtori bo‘lgan, faoliyati, yashash tarzining tayini yo‘q Qosim O‘sarov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, Malikaning topshiriqlarini bajardi. Sodda va ishonuvchan, havoyi xayollarga berilgan qiz-juvonlarga xorijda ish topib berishni va'da qilib, ishonchiga kira boshladi. To‘rlariga ilinganlarni noqonuniy yo‘llar orqali avval Qozog‘iston va Qirg‘izistonga, undan so‘ng Turkiyaga yetkazish bo‘yicha puxta rejalar tuzgandi. Bunda ularga qo‘shni mamlakatlarda yashovchi Botir va Baxtiyor ismli kimsalar yaqindan yordam berardi.

Bahora, Nafisa hamda Madina kabi qizlar nafsi hakalak otgan odam savdogarlarining tuzog‘iga ilinishdi. Ra'no qizlarni Turkiyada nihoyatda go‘zal hayot va mo‘may pul kutayotgani, istasa, farroshlik qilish, xonadon ishlarini bajarish, enaga yoxud ofitsiant bo‘lib ishlashlari mumkinligi haqidagi cho‘pchaklariga ishontirdi. Hujjat rasmiylashtirish bahonasida fuqarolik pasportlarini osongina qo‘lga kiritdi. Qizlarga, ayniqsa, Ra'no Adizovaning “Hech qanday xarajat haqida o‘ylamang, xizmatimiz haqini keyin ham ishlab to‘layverasizlar”, degan so‘zlari juda yoqib tushdi. Afsuski, ayollar o‘zini qanday fahsh ishlar kutayotganini xayoliga ham keltirishmasdi.

O‘sha kuni Ra'no Adizova va Qosim O‘sarov Bahora, Nafisa hamda Madinalar bilan birga yo‘lovchi transportda Samarqanddan Toshkentga jo‘nashdi. Ra'no yo‘lda borarkan, Turkiyadagi rahnamosi Malika bilan telefon orqali xabarlashib, yo‘lga otlanayotganini ma'lum qildi. Shu bilan birga, qizlarni Qozog‘iston Respublikasi hududiga olib o‘tib topshirish uchun Botir va Baxtiyorlarning hoziru nozirligiga ham ishonch hosil qildi. Biroq odamfurushlar Toshkent viloyatining “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona postida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida qo‘lga olindi.

Olib borilgan tergov va surishtiruv natijasida Ra'no Adizova hamda uning xushtori, haydovchi, go‘l va sodda qizlarni tuzog‘iga ilintirishda unga yaqindan yordam berib kelgan Qosim O‘sarovning qonunlarga zid xatti-harakatlari ma'lum bo‘ldi. Qarindoshi, mahalladoshini-da sotib, huzur-halovatda yashashni ko‘zlagan bu kimsalarning qilmishlari sudda ko‘rib chiqilib, ularga munosib jazo tayinlandi. Ra'no Adizova va Qosim O‘sarovlarning har biri sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Top