12:50 / 15.06.2017
47356

«Urib yuborishim mumkin». Nuriddinov futbolchilarni shug‘ullantirishni istamaydi

Rio—2016 Olimpiadasi qahramonlaridan biri, og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov «Olamsport» sayti mehmoni bo‘ldi va jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. U bir soat davom etgan suhbat davomida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi vaziyat xususidagi fikrlarini ham bildirib o‘tgan.

Ruslan Nuriddinovdan o‘tkazadigan mashg‘ulotlari haqida so‘ralganida mavzu futbolga burilgan.

«Men shuni aniq bilamanki, Angliya klublarida umumjismoniy tayyorgarlik bo‘yicha alohida mashg‘ulot o‘tkaziladi. Futbolchilar majburiy ravishda trenajyor zalida ishlashadi va murabbiylar bu jarayonga jiddiy tarzda e'tibor qaratishadi. Bilishimcha, klublarimizning hammasida ham bunday emas ekan. Xatto ayrim grand klublarimizda umumjismoniy tayyorgarlik futbolchilar uchun ixtiyoriy ravishda berilgan.

Vaholanki, trenajyor zalidagi har bir mashg‘ulot futbolchining ma'lum bir mushagini rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Tez yugurish uchun oyoq mushaklari baquvvat bo‘lishi shart. Bizning futbolchilar nima uchun uzog‘i bilan 60 daqiqadan so‘ng charchab qolyapti? Chunki oyog‘ida kuch yo‘q. Tomir tortishishlar ham shundan. Zarbalar qanday berilayotganini ko‘ryapsiz. Faqat kross yugurish bilan futbolchi mukammallikka erishmaydi», degan sportchi.

Jurnalistlardan biri Ruslan Chagayev bilan suhbatlashganida u Germaniyaning «Shalke» klubiga master klass o‘tkazgani haqida aytib berganini eslaydi. U Ruslan Nuriddinov ham futbolchilarga og‘ir atletika bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkaza olishi mumkinligi haqida so‘ragan.

«Uramanku keyin ularni... (kuladi) Bundan tiyilishim qiyin (yana kuladi). Yo‘q. Ha, juda qiziq loyiha. Lekin, menimcha, qo‘limdan kelmaydi. Chunki men futbolga qiziqmayman. Shuning uchun bu yo‘nalishda maxsus mutaxassis ishlagani ma'qul. Futbolni yaxshi tushunadigan murabbiy ishlashi kerak», deydi Nuriddinov.

U sportchi futbolchilar bilan qanday ishlash kerakligi borasida o‘z fikrini aytib o‘tgan. Uning fikricha, sportchini natija ko‘rsatgandan keyingina taqdirlash kerakligini ta'kidlaydi.

«Bilasizmi, eng ko‘p maoshni aynan futbolchilar oladi. Ularga yana nima kerak? Balki futbolchilar bilan ham bizga bo‘ladigan munosabat kabi ishlash kerakdir? Ya'ni, oldin natija, keyin pul. Tasavvur qiling, O‘zbekiston chempioni bo‘lgan futbolchiga mashina berilyapti. Agar og‘ir atletikada ham shunday bo‘lganida, o‘x-xo‘ mening mashinalarim soni qanchaga yetardi! Menga jahon chempioni bo‘lganimdan keyingina mashina berishgan.

Tasavvur qiling, futbolchilarimiz jahon chempioni bo‘lishdi. Ularga Mars sayyorasini sovg‘a qilisharkan-da! Aslida buning amalga oshmasligi aniq. Chunki biz nari borsa mundial yo‘llanmasini ham qo‘lga kirita olmayapmiz. Men shunchaki taqqoslash uchun aytdim», deydi Olimpiada chempioni.

Top