22:07 / 16.06.2017
8177

Abu-Dabidagi yirik masjidlardan biri Bibi Maryam sharafiga qayta nomlandi

Foto: Abdul Rahman / Gulf News

BAA poytaxti Abu-Dabida joylashgan yirik masjidlardan biri valiahd shahzoda Muhammad bin Zoid Ol Nahayon qarori bilan nasroniylar tomonidan eng ulug‘lanuvchi avliyolardan biri – Iso alayhissalomning onalari sharafiga Bibi Maryam masjidi deb qayta nomlandi.   

Ta'kidlanishicha, masjid shaharning markaziy dahalaridan birida joylashgan. Shahzodaning bu qarori turli dinlar vakillarining tinch-totuvlikda yashashiga qaratilgan. 

"Masjidning "Bibi Maryam" deb nomlanishi turli dinlar vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi", deb aytgan valiahd shahzoda.

Shahzodaga bu qarori uchun BAAning bag‘rikenglik masalalari bo‘yicha vaziri Lubna Ol Qosimiy, Islom va xayriya ishlari bo‘yicha bosh ma'muriyat raisi Muhammad Muattar Ol Ka'biy hamda masjid yonida joylashgan anglikan cherkovi ruhoniysi Kanon Endryu Tompson minnatdorchilik bildirdilar. Ruhoniy Tompsonning aytishicha, bu qaror islom va nasroniylik dinlarining asosiy g‘oyalari yaqinligi va bu ikki din umumiy ildizlarga egaligining isboti hisoblanadi.

"BAA mamlakatning barcha fuqarolari orasida adolat va birodarlikka asoslangan bag‘rikenglik va tinch-totuvlikdan doimo manfaatdor bo‘lgan", deb aytdi Ka'biy.

Bibi Maryam musulmonlar tomonidan Iso payg‘ambarning onasi sifatida sharaflanadi. 

Top