15:32 / 16.06.2017
14489

Samarqandda o‘z do‘stini o‘ldirgan shaxs uch yilga qamaldi

Jasur bilan Umid bir mahallada yashashadi. Mahalladagilar ko‘pincha shu yerdagi choyxonaga yig‘ilib, ovqatlanishadi, suhbat qurishadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

O‘sha kuni ham choyxonaga mahalladoshlar yig‘ilgan edi. Kechqurun choyxonaga Jasur ham kirib keldi. U hamma bilan salomlashib, Umid va Erkinning yoniga o‘tirdi. Ichkiliksiz tomog‘idan ovqat o‘tmaydigandek, Jasur do‘konga borib, aroq olib keldi. Shishalar bo‘shagach, ular ancha mast bo‘lib qoldi. Choyxonaga yig‘ilganlar ovqatlanib bo‘lib, uylariga tarqalishdi. Erkin ham uyiga ketdi.

Jasur bilan Umidning esa ketgisi yo‘q edi. Choyxonada ulardan boshqa hech kim qolmadi. Shirakayf yigitlar yana bir shisha aroqni bo‘shatishdi. Ikkovining ham og‘zidan bodi kirib, shodi chiqa boshladi. Hozirgina apoq-chapoq bo‘lib o‘tirgan ulfatlarning fe'li aynidi. Es-hush chegarasidan butkul yiroqlashgan yigitlar arzimas narsaga tortishib, bir-birini so‘ka ketdi. Shu payt Jasur stol ustida turgan choynakni olib Umidning boshiga zarb bilan urdi. Chinni choynak parchalanib ketdi. Boshi yorilgan Umidning Jasurga javob qaytarishga holi qolmadi. U bir amallab uyiga ketdi. Jasur ham ketishga otlanar ekan, ichidagi shayton “gij-gij”ladimi, choyxona eshigining oynasini bir urib sindirdi.

Kechqurun chiqib ketib, yarim tunda peshonasi qon bo‘lib kirib kelgan Umidni xotini xavotirlanib kutib oldi.

- Nima bo‘ldi?

- Jasur urdi, - dedi Umid g‘o‘ldirab.

- Qaysi Jasur? Nimaga uradi?! – so‘radi Guljahon jig‘ibiyron bo‘lib.

- Yigitchilikda bo‘lib turadi...

Umid shu bilan joyiga yotib, uxlab qoldi. Xotini uning yuzlarini artib, peshonasidagi jarohatga dori surtib qo‘ydi. Oradan yarim soat o‘tib, Umid alahsiray boshladi.

- Mazangiz bo‘lmayotgan bo‘lsa, shifoxonaga olib boraymi? – dedi tashvishlangan Guljahon.

- Yarim kechasi bolalarni tashlab qayerga boramiz, - Umid shunday deb, yana uxlab qoldi.

Tong otdi. Umid yana jarohat azobidan ingray boshladi. Uning boshini qaytadan ko‘zdan kechirayotgan Guljahon chinni parchalarini topdi. Tezda borib qaynonasiga aytdi. Ayol o‘g‘lini kim bu ko‘yga solganligini bilish uchun choyxonaga yo‘l oldi. Bu paytda Umidning nafas olishi sekinlasha boshladi. Guljahon hamshira bo‘lib ishlovchi qo‘shnisi Dilorom opani chaqirib keldi. Hamshira Umidni ko‘rib, behush bo‘lib qolganligini, tezda shifoxonaga olib borish kerakligini aytgach, “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilishdi.

Ertalab o‘ziga kelib, ko‘chaga chiqqan Jasur mahalla posboniga duch keldi. U “Kecha Umidni boshini yoribsan, choyxonada gilamlar qon, eshikning oynasini sindiribsan”, deb aytdi. Qilmishlari bunday oqibatlarga olib kelishini Jasur kutmagan edi. Ichiga kirgan spirtli ichimlik uni sherga aylantirib, insoniylik chegarasidan chiqargandi.

Umid shifoxonaning jonlantirish bo‘limida bir necha kun yotdi. Biroq, shifokorlarning barcha urinishlari zoye ketdi. Umidning qayta oyoqqa turishiga umid qolmadi. U olgan tan jarohati tufayli vafot etdi.

Sud jazo tayinlashda sudlanuvchining aybiga iqrorligini, jabrlanuvchilardan kechirim so‘raganligini hamda yetkazilgan moddiy-ma'naviy zararlarni to‘liq qoplab berganligini inobatga olib, Jasurni uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Top