01:18 / 16.06.2017
46016

O‘zbekiston Prezidenti: "Oqni – oq, qorani – qora, deydigan vaqt keldi!"

Bugungi kunda ijtimoiy-ma'naviy muhitni va aholi turmush sharoitini yaxshilash, yoshlarni turli diniy ekstremistik oqimlar ta'siridan asrash masalasi barcha uchun eng asosiy masala bo‘lib turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kungi videoselektor yig‘ilishida bu borada diniy ulamolarga murojaat qildi. 

"Biz ko‘p joylarda jaholatga qarshi ma'rifat tashabbusi bilan chiqyapmiz. Muqaddas islom dinini niqob qilib boshqa ko‘chalarga kirib ketayogan johil kimsalar bir narsani tushunmaydi yoki tushunishni istamaydi. Ya'ni, islom faqat nurli hayotga, ilm-ma'rifatga, yaxshilikka undaydi. Hech qachon xunrezlik, qotillik, zo‘ravonlikka chaqirmaydi. Ana shu haqiqatni tan olmasdan, soxta g‘oyalarga aldanib, zararli oqimlarga kirish, terrorchi bo‘lish – bu O‘zbekiston xalqiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi!

Alhamdulilloh, hammamiz musulmonmiz, buning shukronasini qilib, farzandlarimizni ham bunday ne'matning qadriga yetadigan insonlar etib tarbiyalashimiz kerak emasmi? 

Muhtaram imom-xatiblarimiz Xudo yo‘lida xolis xizmat qilishni o‘z zimmalariga olganlar. Bu ham mas'uliyat, ham ulkan sharaf. Shuning uchun sog‘lom e'tiqod yo‘lini targ‘ib qilishni avvalo kimdan so‘raymiz? Siz, azizlardan so‘raymiz. Shu borada barchamiz kimdan ibrat olamiz? Siz, azizlardan. 

Shuning uchun ham sizlarning katta bilimingiz, obro‘-e'tiboringizni inobatga olib, men sizlarga, barcha din ahllariga, jamoatchiligimizga murojaat qilmoqchiman: yurtimizda tinchlikni, osoyishtalikni saqlashda bizga yordam bering. 

Agar mahallangizda birorta bola zararli diniy oqimga kirib qolgan bo‘lsa, uni noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarishga harakat qiling.

Avvalo, ular bilan gaplashib, bu – ota-bobolaring yo‘li emas, bu yo‘ldan qayt, haqiqat mana bu yoqda, tinchlik va ezgulik yo‘lidan borib, hech kim kam bo‘lmagan, deb ularni sog‘lom e'tiqodga ishontirish kerak. Bilim bilan, aql va ma'rifat, namunali ishlar bilan ishontirish kerak. Tarixdan, bugungi hayotimizdan olingan hayotiy, ta'sirchan misollar bilan inontirish kerak. 

Bunday targ‘ibot, bunday tashviqot sizlarning qo‘lingizdan albatta keladi", - deya ta'kidladi davlat rahbari. 

"Yo‘ldan adashgan bolani darrov dushmanga chiqarmasdan, uni o‘zimizning farzandimiz, deb bilishimiz kerak. Unga butun qalbimiz, yuragimiz bilan achinayotganimizni shu bola bilsin. Zora, shunda ularning ham qalb ko‘zi ochilsa, to‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘ysa", - deya davom etdi Prezident. - Bir bolaning yo‘ldan adashishi – bu nafaqat bir oila, balki butun jamiyat boshiga tushgan kulfat. Bundan avvalo shu bolaning ota-onasi, aka-ukalari, yaqinlari jabr ko‘radi. Bunday paytda ularga yordam berish kerak. Biz esa, afsuski, ulardan o‘zimizni olib qochamiz. To‘yga chaqirmaymiz, marosimga chaqirmaymiz, u falonchining akasi yoki o‘g‘li, deb ularning nafratini battar avj oldiramiz, aybsiz odamlarni ashaddiy dushman qilamiz. Natijada nima bo‘ladi? Kulfat kamayish o‘rniga ko‘payadi. Boshqa oilalar hayotiga ham kirib boradi. Bugun shu masalani ko‘ndalang qo‘yadigan vaqt keldi". 

"Buyuk ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Olijanob kishilar uzrni qabul qilur”, deb ta'kidlagan ekanlar. Xalqimiz – mard va olijanob xalq. Kim chin dildan uzr so‘rasa, tavba qilsa, albatta gunohidan kechadi. Shuning uchun hozirgi kunda qancha adashganlarni kechirib, to‘g‘ri yo‘lga solyapmiz. Birini o‘qishga, birini ishga, birini kasbga qaytaryapmiz. 

Ming afsuski, zararli diniy oqimga kirgan bolani "Bu – qo‘shnining bolasi, boshqa qishloq yoki tumanning bolasi", deb loqayd bo‘layotganlar ham oramizda yo‘q emas. Kimdir chetga chiqib, ekstremistlarga qo‘shilib yurgan bo‘lsa, ba'zi rahbarlar, u Farg‘onadan emas, Andijondan, Qashqadaryodan emas, Samarqanddan, deb beparvo bo‘lmoqda. Lekin u O‘zbekiston farzandi, O‘zbekiston fuqarosi-ku!", - dedi Sh.Mirziyoyev.

Shu o‘rinda bir fikr alohida ta'kidlab o‘tildi: "O‘zbekistonda davlat davlatchiligini qiladi, qonun ustuvor bo‘ladi. Xudoga shukur, davlat rahbari sifatida buni ta'minlashga mening kuchim ham, bilimim va salohiyatim ham albatta yetadi. Bu haqiqatni hech kim, hech qachon esidan chiqarmasin!

Xalqimizda “Ikki kemaning boshini tutgan g‘arq bo‘ladi”, degan maqol bor. Qaysi rahbar, qaysi imom-xatib u tomonga ham, bu tomonga ham yoqaman, deb ish ko‘rmoqchi bo‘lsa, qattiq adashadi. Bizga bunday ikkiyuzlamachi, munofiq odamlar mutlaqo kerak emas.

Musulmonchilik har birimizning yuragimizda, vijdonimizda bo‘lishi lozim. Inson imon-e'tiqodli bo‘lsa, yurtiga sodiq bo‘lib xizmat qilsa, u haqiqiy vatanparvar bo‘ladi. 

Agar u e'tiqodsiz bo‘lib, chalasavod bo‘lib, xiyonat qilib, boya aytganimdek, ikki tomon bilan ham “o‘yin” qilaman, bu davlat ketsa, anavilar kelib qolsa, ular bilan ham til topishaman, deb nayrang qiladigan bo‘lsa, bilib qo‘yinglar, bunday “nomer”lar bizga o‘tmaydi.

Albatta, ashaddiy terrorchi va ekstremistlar o‘z yo‘lidan qaytmaydi. Ularning miyasi, butun hujayrasi zaharlanib, qo‘li qonga botib bo‘lgan. Ularga gap uqtirib, insofga chaqirishning hech qanday foydasi yo‘q. 

Shuning uchun ham har qaysi mahalla, har bir tuman va viloyat o‘z hududidan chiqqan, chet ellarda terrorchi guruhlar safida yurgan ashaddiy ekstremistlarni O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarish haqida O‘zbekiston Prezidentiga taklif kiritishi zarur. 

Bu masalani avvalo chuqur o‘rganish kerak, aybi isbotlangan taqdirda men ularni O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilishga tayyorman. Oqni – oq, qorani – qora, deydigan vaqt keldi! Bizga bunday nonko‘rlar kerak emas!", - deya ta'kidladi Mirziyoyev.

Ayni vaqtda bu masala bo‘yicha joylardagi ijro organlari, hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari ham o‘z munosabatini o‘zgartirishi lozimligi qayd etildi.

"Adashganlar haqida gapirganda, jamoatchiligimiz, imom-xatiblarimiz, kerak bo‘lsa, tuman hokimiga borib, "Bu yigitga ish bering, uy bering, u o‘zi asli yomon odam emas ekan, kimningdir noinsofligi, adolatsizligi tufayli shu ko‘yga tushibdi", deb aytishdan qo‘rqmasin.

Bugungi yig‘ilishda ishtirok etayotgan va viloyatlarda o‘tirgan barcha rahbarlar ham bu gaplardan albatta xulosa chiqarishi kerak. 

Bugun qancha yoshlar soxta aldovlarga uchib, o‘z umrini xazon qilayotganini o‘ylab, to‘g‘risi, tunlari uxlamasdan chiqaman. O‘zingiz ayting, aziz birodarlar, bu achchiq haqiqat yuragimizga xanjar bo‘lib sanchilishi kerak emasmi? 

Axir, kechagina shu yoshlar, o‘zimizning qorako‘zlar, birimizning mahalladoshimiz, birimizning o‘g‘limiz, birimizning qizimiz yoki jiyanimiz edi-ku! Ular qachon adashdi, qachon noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketdi?

Biz nega g‘aflatda qoldik? Qachon, qayerda xatoga yo‘l qo‘ydik? Farzandlarimiz qachon begonalarning qo‘liga o‘tib ketdi? Nima jin urdiyu ular o‘z ota-onasi, o‘z yurtining dushmaniga aylanib qoldi?

Bugun bu mudhish balo-qazoning oldini olmasak, bor kuchimizni shunga safarbar etmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Yurtimizda yashayotgan, oilasini, farzandlarining ertangi kunini o‘ylaydigan hech bir inson, din arboblari, jamoatchilik vakillari bu hayot-mamot masalasidan chetda turmasligi kerak.

Mana, o‘zingiz ko‘ryapsiz, Afg‘oniston, Suriya, Iroq, Liviya kabi davlatlarda nima bo‘lyapti? Yana qanday misollar kerak o‘zi? Bu fojialar barchamizning ko‘zimizni ochishi zarur emasmi?

Qur'oni karimda aytilgan “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamang”, degan hikmatli so‘zlardan hammamiz xulosa chiqarishimiz lozim. Bizning beparvoligimiz, loqaydligimiz faqat fojia keltiradi. Bolalarimiz, oilamiz, butun yurtimiz boshiga falokat keltiradi. Aytinglar, o‘zini inson deb biladigan, vijdoni, imoni bor hech bir odam buni istaydimi? Yo‘q, albatta", - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Top