12:44 / 17.06.2017
19736

Falonchi aytdi, obuna bo‘larkanmiz...

Achchiq bo‘lsa-da, tan olish kerak, bugun bu ibora nafaqat davlat tashkiloti xodimlarini, balki matbuotchilarni ham bosh qashlashga majbur qilmoqda. Sababi, bosma nashrlar serob, obunachilar esa o‘sha-o‘sha.

Obuna mavsumi boshlanishi bilan har bir gazeta-jurnal o‘z mahsulotini targ‘ib qilishga tushadi. Sir emaski, bosma ommaviy axborot vositalari asosan obuna, reklama va tijorat maqolalari hisobidan moliyalashtiriladi. Qaysidir amaldorning yoki tashkilot rahbarining aralashuvi bilan amalga oshirilgan obunani hisobga olmasak, ixtiyoriy obunalar juda kamchilikni tashkil etadi.

Xo‘sh, nega ixtiyoriy obuna kam?

Iqtisodchilar ta'biri bilan aytganda, mahsulot xaridorgir emasmi, demak u sifatsiz. Yaxshi mahsulot shundoq ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. To‘g‘ri, mahsulotni sifatsiz, deyish, o‘ta nisbiy tushuncha. Nashrlar ichida yoritilgan mavzular dolzarb bo‘lishi, hech bir imloviy yoki uslubiy xatolar uchramasligi mumkin. Ammo kerakli ma'lumot bo‘lmasa, gazeta yoki jurnalni xaridor sotib olmaydi. Yoxud gazetani o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq muammo bormi, demak, o‘quvchining ta'bi xira bo‘lishi tabiiy. Zero, axborot asrida bugungi ma'lumot kun o‘tmay yangilanadi. Eskirgan gapni sotib olish kimga yoqardi?

Bosma nashrlar haddan ziyod ko‘p. Masalan, o‘qituvchini tibbiyot, sport, huquq, siyosat, qurilish yoki iqtisod sohasiga oid gazetalarga obuna bo‘lishga undashadi. Tabiiyki, xarajatlar ortib, u o‘zi istagan nashrga obuna bo‘lishga shoshilmaydi. Tan olish kerak, ko‘pgina davlat tashkilotlari o‘z xodimlarini faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan nashrlarga ham obuna bo‘lishga da'vat etaveradi. 

Narxning qimmatligi

Darhaqiqat, bugun ixtiyoriy tarzda obuna bo‘lish juda kam uchraydi.  Boisi, mahsulot sifati zamon talablariga javob bermaydi. Birinchidan, moddiy baza achinarli holatda, ikkinchidan sahifalarda o‘z yo‘nalishiga aloqasi bo‘lmagan maqolalar serob, uchinchidan nashrni obunachiga o‘z vaqtida yetkazib berish borasida ham muammolar yo‘q emas. Mazkur muammo o‘z-o‘zidan vujudga kelmagan, albatta.

Nimaning hisobiga narx qimmat?

Ma'lumki, aksariyat nashrlar chop etish harajatlarini aynan obuna bilan qoplaydi. Yetkazib beruvchi tashkilotlar gazeta-jurnallarga qo‘shimcha narx belgilanishi obunachi uchun qimmatga tushishi tayin. Obuna kamligi bois, tahririyat yetkazib berish xarajatlarini obunadan qoplashga majbur. Biroq ayrim G‘arb mamlakatlarida yetkazib berish tahririyatning zarariga ishlaydi. Narxlarni arzonlashtirish maqsadidagi mazkur chora-tadbirlar obuna sonini oshirish va reklama beruvchilar e'tiborini qozonishga qaratilgan. Aniqrog‘i, Yevropa matbuotida tahririyatlar nashrni yetkazib berish xarajatlarini reklama va e'lonlardan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplaydi. 

Polsha Respublikasi aholi soni va iqtisodiy jihatdan mamlakatimizga ancha yaqin. Mamlakatda matbuot sohasi yaxshi rivojlangan. Birgina, Wprost haftalik gazetasini 2 milliondan ziyod mushtariy o‘qiydi. Obuna miqdorining ko‘pligiga sabab narxi arzon va gazetani yetkazib berish xizmati mamlakat miqyosida juda sifatli tashkil etilgan. 

Darvoqe, pochta xizmalari haqida...

Rivojlangan xorijiy davlatlarda bugun chiqqan gazeta 2-3 soatda obunachi qo‘liga yetib boradi. Albatta, O‘zbekiston pochtasini infratuzilmasida 260 ming transport mavjud AQSh pochta xizmati (USPS) bilan taqqoslashdan yiroqmiz. Biroq bugungi texnologiya asrida sinovdan o‘tgan usullarni bemalol qo‘llash mumkinligini unutmaslik lozim. Ya'ni bosmaxonalarning viloyatlardagi hududiy bo‘limlarida bir vaqtning o‘zida chop etish yo‘lga qo‘yilsa, obunachilar ham imkon qadar tez fursatda gazeta-jurnallarni ma'lumotlar eskirmasdan olishga ulgurardi. Nashrning yangi sonini “PDF” formatda xohlagan manzilga yuborish na tahririyat, na bosmaxona uchun qiyinchilik tug‘diradi. Pochta xizmati ishini yengillashtirish, gazetaning o‘quvchi qo‘liga tez fursatda yetib borishini ta'minlash obuna sonini keskin oshirishi turgan gap. 

Mahsulot sifatsizligiga kim aybdor?

So‘zimiz avvalida aytib o‘tganimizdek, hozircha aksariyat nashrlar uchun obunachilar o‘sha-o‘sha. Ochiqroq aytganda, gazeta-jurnallar obunasi uchun faqat davlat tashkilotlari xodimlari emas, balki har bir ziyo izlovchi shaxs mas'ul ekanini anglab yetish zarur. Deylik, mamlakatimizda 33 million aholi bo‘lsa, shundan bir millioni ham qaysidir jurnal yoki gazetaga obuna emasligiga sabab, obunachilarning aksari davlat tashkilotlari xodimlari ekanidir. Mustaqil obunachilar esa juda kam. Gazetani chop etish sifatiga nashriyot, yetkazib berishga pochta xizmati javobgar. Ammo undagi materillar qoniqarsizligiga tahririyat va kadrlar tayyorlash tizimidagi kamchiliklar tufaylidir. Jurnalistlarni tayyorlash uslubiga e'tibor bersangiz, oliy o‘quv yurtlarida asosan internet, radio, TV, gazeta-jurnal va matbuot xizmatiga oid fanlar o‘qitiladi. Bitiruvchi esa jurnalistikaning aynan qaysi yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis ekanini o‘zi ham bilmaydi. Aslida, OAVning qaysi turi bo‘lmasin, kadrlar ma'lum bir sohaga ixtisoslashgan tarzda tayyorlanmog‘i maqsadga muvofiqdir.

Alqissa, matbuotni isloh etishda zarur chora-tadbirlar ko‘rilmog‘i, buning uchun kerakli mablag‘lar ajratilishi lozim. Zero, gap xalqqa ziyo ulashuvchi, uning mafkurasini oziqlantiruvchi soha haqida boryapti.

Kuni kecha Davlatimiz rahbarining "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqi ham aynan ana shu masalalarga bag‘ishlandi. Prezidentimiz anjumanda, jumladan, shunday dedi:

“Mafkura sohasida bo‘shliq degan narsaning o‘zi hech qachon bo‘lmaydi. Chunki insonning qalbi, miyasi, ongu tafakkuri hech qachon axborot olishdan, fikrlashdan, ta'sirlanishdan to‘xtamaydi. 

Demak, unga doimo ma'naviy oziq kerak. Agar shu oziqni o‘zi yashayotgan muhitdan olmasa yoki bu muhit uni qoniqtirmasa, nima bo‘ladi, aytinglar? Bunday oziqni u asta-sekin boshqa yoqdan izlaydi. Shunga yo‘l bermasligimiz kerak. Mana, gap nima haqida ketyapti! 

Buning uchun o‘zini jamiyatimiz, yoshlarimiz ma'naviyati, g‘oyaviy-mafkuraviy tarbiyasi uchun mas'ul deb bilgan insonlar – bu mahalla yoki diniy tashkilotlar bo‘ladimi, huquq-tartibot idoralari xodimlari yoki katta ta'sir kuchiga ega ijodkor ziyolilar bo‘ladimi – ularning barchasi ayniqsa faol bo‘lishlari lozim. 

Afsuski, biz bu masalalarda uxlab o‘tiribmiz. Gapning ochig‘i shu: uxlab o‘tiribmiz. Dushman esa o‘z ishini qilyapti. Ba'zi o‘rinlarda hatto maqsadiga ham erishyapti”. 

Mafkura tarqatuvchi sohaning jiddiy isloh etilishi ko‘zlangan samarani berishi muqarrar. Shuningdek, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish hamda mafkurasi buzuq yoshlarni tarbiyalashda ham mazkur islohotlar muhim ahamiyatga ega ekanligi ayni haqiqat.

Shuhrat Qobilov,
“Nuroniy” gazetasi muxbiri.

 

Top