09:14 / 17.06.2017
9748

Meyvezer-Makgregor jangiga WBC brilliant kamari qo‘yilishi mumkin

Foto: Twitter.com

Butunjahon bokschilik kengashi WBC prezidenti Maurisio Suleyman amerikalik bokschi Floyd Meyvezer va irlandiyalik aralash yakkakurash jangchisi Konor Makgregor o‘rtasidagi jangga brilliant kamar qo‘yilishi mumkinligi, jangning o‘zi esa shu tariqa chempionlik jangi maqomini olishini ma'lum qildi. 

"Ehtimol bu yuz berishi mumkin. Buni aniq ayta olmayman, biroq bunga qarshi emasman. Bu boradagi qarorni WBC direktorlar kengashi qabul qiladi, biroq istalgan holda boksga hozirda butun dunyo e'tibori qaratilgan", deb aytdi Suleyman ESPN telekanaliga bergan intervyusida. 

Meyvezer va Makgregor o‘rtasidagi jang 26 avgustda Las-Vegasda bo‘lib o‘tadigan bo‘ldi. Ma'lum qilinishicha, ikki sportchi ushbu jang uchun 100 mln dollardan haq olishadi.

WBC’ning brilliant kamari WBC tomondan 2009 yilda ta'sis etilgan maxsus mukofot hisoblanadi. Kamar 598 ta brilliant, 196 ta zumrad tosh, 6 ta yoqut tosh va 150 ta yarim qimmatbaho toshlar bilan bezalgan va 750-probadagi oltin bilan qoplangan. Uning narxi 50 ming dollarni tashkil qiladi. Kamar ikki nafar nufuzli bokschi uchrashadigan tarixiy jang g‘olibiga beriladi. Bu kamarga sazovor bo‘lgan bokschilar orasida Menni Pakyao, Floyd Meyvezer va Sergey Kovalyov kabi bokschilar bor.

Mavzuga oid
Top