15:52 / 17.06.2017
16435

Toshkentda ayol kishini urib, talonchilik qilgan shaxslar ushlandi (foto)

Foto: Toshkent shahar IIBB

2017 yilning 14 iyun kuni taxminan soat 23:50 larda, Begzod Turabayevich Isarov va Sirojiddin Sayfiddin o‘g‘li Navruzovlar o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida, Mirzo Ulug‘bek tumani hududida fuqaro Gulnoza Sulaymanovani (jabrlanuvchining anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) oldiga kelib, uni urib narxi 1.000.000 so‘mlik «General Mobile» rusumli uyali telefon apparati va 290.000 so‘m pullarini egallashgan va hodisa joyidan yashirinmoqchi bo‘lishgan vaqtda, ushbu hududda tungi xizmatni olib borayotgan Mirzo Ulug‘bek tumani IIB xodimlari tomonidan daliliy ashyo bilan qo‘lga olinganlar. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 2-qismi «v» bandi (talonchilik, ya'ni o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etish) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Isarov va Navruzovlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Yuqoridagi shaxslarning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat etishlari mumkin.

Top