11:30 / 18.06.2017
72468

Ronaldu «Real»dan ketishi uchun 5ta sabab

Krishtianu Ronaldu barchani hayron qoldirgan holda shu yozda «Real Madrid»ni tark etishga qaror qildi. 

Avvaliga, 16 iyun kuni Portugaliyadagi A Bola nashri shu haqda xabar tarqatdi, ko‘p o‘tmay Ispaniyadagi Marca, Sky va ESPN nashrlari bu xabarni tasdiqlashdi. Futbolchi jamoa xo‘jayinlari Florentino Peres hamda Xose Anxel Sanchesga bu niyati haqida ma'lum qildi. Uning jamoadan ketishi hozircha hal etilmaydi, u terma jamoasi bilan Konfederatsiyalar kubogida ishtirok etib qaytishi kutiladi.

Klub rahbariyati avvaliga futbolchini fikridan qaytarishga urindi, ammo Ronaldu Ispaniyadan ketish fikrida qat'iy turmoqda va «qaymoqranglilar» jamoasi rahbariyati ham uni majburlab ushlab turmoqchi emas.

Futbolchi g‘azab ichida bu oddiy bo‘lmagan qarorga kelgan, uni bunga majbur qilgan qanday sabablar bor?

Soliqlar bo‘yicha firibgarlikdagi ayblovlardan tahqirlanish

Ronaldu 2011 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan muddat davomida davlatga 14,7 million yevroni to‘lamaslikda ayblanmoqda, ammo u barcha ishini Ispaniyadagi qonunlar doirasida amalga oshirganini ta'kidlamoqda.

Futbolchi tomonidan 2010 yilda tuzilgan Gestifute kompaniyasi uning biznes tuzilmasini yuritadi. Aynan shu kompaniya orqali uning imij huquqidan olingan mablag‘lar yashirilgani aytilmoqda. Futbolchining yuristlari esa soliq deklaratsiyalarida daromadlar yashirilmaganini bildirishmoqda: «Ko‘rinishidan, Ispaniyada ba'zi kriteriyalar to‘g‘ri deb hisoblanmaydi. Ammo Ronaldu bitta ham qonunni buzmagan. Bu Messi yoki soliq to‘lamaslikda ayblovi mavjud boshqa ishlar kabi emas. Bu futbolchilar hech qanday deklaratsiya qilishmagan, Ronaldu esa o‘ziga qarshi birdaniga tekshiruv boshlanishidan oldin barcha zarur ishlarni amalga oshirib qo‘ygandi».

Ispaniya prokuraturasidagilarning fikricha, Krishtianuning biznes tuzilmasi daromadlarni yashirish uchun tuzilgan, futbolchi vakillarining fikricha esa – soliqlarni optimizatsiya qilish uchun. 2014 yilgacha Ispaniyadagi sportchilar o‘z daromadlarining 24,7 foizini soliq sifatida to‘lashardi, keyin bu qoida bekor bo‘lib, to‘lanadigan soliq miqdori daromadning 43 foizigacha ko‘tarildi.

Football Leaks xakerlari oshkor etgan hujjatlarga ishonilsa, agent Jorjye Mendesh Ronaldu uchun daromadlarining ko‘proq qismini o‘zida olib qoluvchi sxema ishlab chiqqan: ko‘plab reklama shartnomalari soliq stavkasi 12,5 foiz bo‘lgan Irlandiyadagi vositachilar orqali tuzilgan va mablag‘lar Virjiniya orollaridagi ofshorlarga o‘tkazilgan. Iddao etilishicha, bu orqali Krishtianu kamida 75 million yevroni iqtisod qilgan.

Bu holatda futbolchi o‘zini tahqirlangan sezmoqda va La Ligada boshqa o‘ynamoqchi emas. Krishtianu o‘zini oqlab olishiga ishonsada, kutmoqchi emas va faoliyatida kardinal o‘zgarish yasamoqchi.

Matbuotning doimiy bosimi

Krishtianuning hisoblashicha, ispan matbuoti uni doimiy ravishda ko‘p gunohlarda asossiz ravishda ayblab keladi. U o‘zini matbuot tomonidan tahqirlash nishoni sifatida aylangandek sezadi. Undan bu haqda so‘rashganda, u o‘z noroziligini hech qachon yashirmagan. Qolaversa, mavsum davomidagi bir qator o‘yinlarda muxlislar unga hushtakbozlik qilishdi.

«Ular menga qonunbuzarga qaragandek qarashadi, holbuki ular meni umuman bilishmaydi», – degan bu haqda portugaliyalik futbolchi.

«Real» rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlovning mavjud emasligi

Madrid klubi rahbariyatining barcha vakillari futbolchining butunlay beaybligiga ishonishini bildirgan bo‘lsada, Ronaldu rahbariyat o‘ziga yetarli darajada qayg‘urmadi, deb hisobladi.

Qayd etish kerakki, futbolchi soliqlar tufayli 5 yillik qamoq tahdidi ostida qolganida, «Real» Ispaniyadagi nashrlardan Ronaldu haqidagi salbiy xabarlarni klub libosidagi suratlari orqali emas, terma jamoasi libosidagi suratlari orqali e'lon qilishni so‘ragandi.

Boshqa klubda o‘ynash istagi

Krishtianu Ispaniya futboliga qaytmaslikka qat'iy qaror qildi, u «blankos» tarkibida faoliyatining eng yorqin davrlarini o‘tkazgan, ko‘plab shaxsiy mukofotlar va jamoaviy sovrinlarga erishgan bo‘lsada, Madridda oilasi va sevgan qizi bilan baxtli hayot kechirayotgan bo‘lsada, u Ispaniyadan ketadi. Portugaliyalik futbolchi hamisha «Manchester Yunayted»ga qaytish haqida o‘ylab kelardi, endi bu ro‘y berishi mumkin.

U 32 yoshda bo‘lishiga qaramasdan, (bunday yoshdagi futbolchilar qimmat turishmaydi) Ronaldu uchun ko‘p pul to‘lashga to‘g‘ri keladi. 

Transfermarkt portali Krishtianuni 100 mln yevroga baholagan. Odatda haqiqiy narxlar Transfermarkt ma'lumotlariga yaqin bo‘ladi.

CIES Football Observatory Ronalduni 112,4 mln yevroga (bu uning tengdoshlari Suares va Iguainnikidan arzon) baholaydi.

El Confidencial biroz oldinroq «MYu» futbolchini qaytarish uchun 200 mln yevrodan voz kechishga tayyorligi haqida ma'lum qilgandi.

AS nashri esa Xitoyning qaysidir klubi 200 mln yevroni «Real»ga, yana 120 mln yevroni futbolchining o‘ziga maosh sifatida to‘lashga tayyorligini ma'lum qildi.

La Gazzetta dello Sport Ronalduning transferi unga beriladigan maosh bilan birgalikda 400 million yevroni tashkil etishini hisoblab chiqdi.

Haqiqatga yaqinroq raqam, 180 mln yevro A Bola xabarida yozilgan: shuncha mablag‘ni «MYu», «PSJ» va «Monako» kabi jamoalar to‘lashi mumkin.

Krishtianu bilan shu yilda 2021 yilgacha uzaytirilgan shartnomada uning badal puli sifatida 1 mlrd yevro belgilangan. Albatta buncha pulni hech kim to‘lamaydi, hatto xitoyliklar ham. Jamoa ham buncha pul undirishni xayoliga keltirmaydi.

O‘ziga nisbatan adolatsiz munosabat

Futbolchining g‘azabini keltirgan yagona sabab «Real Madrid» emas, Ispaniyadagi huquq tizimi: Ronaldu hisoblaydiki, shu mojaro tufayli, uning dunyo miqyosidagi nufuziga putur yetadi va bu borib turgan adolatsizlik.

U Portugaliya terma jamoasidagi jamoadoshlariga Ispaniya poytaxtidan butunlay ketishga qaror qilgani haqida aytgan.

«Men «Real»dan ketaman. Qaror qabul qilib bo‘lingan. Ortga yo‘l yo‘q».

 

Top