09:05 / 19.06.2017
6823

Le-Burjyeda mashhur xalqaro aviasalon o‘z ishini boshlamoqda

Foto: LP/C.G.

Dushanba kuni Parij yaqinidagi Le-Burjyeda Salon du Bourget xalqaro aerokosmik saloni ochilmoqda. Ko‘rgazma 52-bor o‘tkaziladi va 25 iyunga qadar davom etadi.

Salonda 47 davlatdan kelgan 2370 dan ortiq eksponentlar ishtirok etmoqda, 27 ta milliy pavilon ochildi.

Aviasalonning rasmiy ochilish marosimida Fransiya prezidenti Emmanyuel Makronning ishtirok etishi kutilmoqda. Tashkilotchilar taxminicha, amaliy kunlarda ko‘rgazmaga 150 ming kishi keladi, ochilish marosimiga esa – yana 200 ming.

Salonning umumiy maydoni 324 ming kv. metrga teng, bu 46 ta futbol maydoni degani.

Aviasalonning yozgi dasturida 33 samolyot ishtirok etadi. AQSh HHKning F-35 beshinchi avloddagi qiruvchisi, Fransiyaning Rafale qiruvchisi ko‘rgazmali parvoz qiladi. “Katta” samolyotlardan esa A400 harbiy-transport layneri va ikki palubali A380 ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, Airbus va Boeing’ning yangi avialaynerlari - A321neo hamda B737 MAX 9 osmonga ko‘tariladi.

Salonning statistik ekspozitsiyasida 117 uchar qurilma taqdim etiladi. Ular orasida 99 ta samolyot, 16 vertolyot va ikkita uchuvchisiz boshqariladigan qurilma bor. 

Rossiya ko‘rgazmaga faqatgina maketlar va reklama materiallari olib keldi. Rus tomonining ta'kidlashicha, Fransiya bojxona organlari harbiy maqsadga mo‘ljallangan mahsulotning asl namunalarini olib kirishni taqiqlagan.

RF kompaniyalari maketlarda MiG-29M/M2 ko‘p funksiyali qiruvchisi va MiG-35 yengil qiruvchisi, ko‘p nishonli Su-35 qiruvchisi va Su-30MK’ning turli modifikatsiyalari, o‘quv-jangovar Yak-130 va mashg‘ulotlarga mo‘ljallangan Yak-152’ni taqdim etadi. Vertolyotlar orasida - Ka-52 zarba beruvchi razvedka vertolyoti, zarba beruvchi Mi-28NE, transport-jangovar Mi-35M, yengil ko‘p nishonli Ka-226T va og‘ir transportli Mi-26T2 bor.

Raketalarga qarshi mudofaa vositalari orasida "Antey-2500" zenit raketa tizimi, "Buk-M2E" zenit raketa majmuasi, "Pantsir-S1" zenit raketa zambarakli kompleks va harakatlanuvchi "Verba" bor.

Umuman, Le-Burjyeda eng katta ekspozitsiya Fransiya tomonidan egallanadi. AQSh ikkinchi bo‘lsa, taqdim etilgan namunalar hajmi bo‘yicha uchinchi pog‘onadan Italiya, Germaniya va Buyuk Britaniya joy olgan.

Yevropaning Airbus konserni birdaniga ikkita yangilikni namoyish etadi – o‘rta magistralli A321neo yo‘lovchi samolyoti va keng fyuzelajli uzoq magistralli A350-1000 layneri. A350-1000 350 nafar yo‘lovchini 14,5 ming km. masofaga qadar olib borishi mumkin. Airbus mudofaa bo‘linmalari salonda A400M va C295 harbiy-transport samolyotlari, uchuvchisiz uchar qurilmalar qatorini taqdim etadi. Bundan tashqari, Airbus’ning jangovar va fuqarolik vertolyotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Helicopters filiali ham katta ekspozitsiyaga ega bo‘ladi. 

Amerikaning Boeing konserni esa yangi avloddagi B737 MAX 9 laynerini taqdim etadi. Kompaniya Fransiyaga B737 MAX 10 yo‘lovchi samolyotini ham olib kelishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top