00:48 / 19.06.2017
29055

Muxlislar murojaati: Arzonlashtirilgan dori-darmonlarni topib bo‘lmayapti

Hurmatli Kun.uz tahririyati.

Sizlardan xalqimiz dori-darmon vositalari bilan bog‘liq yuzaga kelgan ushbu muammoni ko‘tarib chiqishingizni so‘rab qolardim.

Xabaringiz bor, Prezidentimizning 20.12.2016 yildagi PK-2685-son qarori bilan 343 xildagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi belgilab qo‘yilgan.

Muammo shundaki, vrach tomonidan yozib berilgan «ReTABOLIL» (inʼeksiyalar uchun eritma) dori vositasini Andijon shahridagi hech bir dorixonadan topa olmadim. O‘ndan ortiq dorixonalarga kirdim, lekin natija bo‘lmadi...

Shunda oxirgi kirgan dorixona xodimidan «Nega bu dori hech qayerda yo‘q? Qaysi dorixonada bo‘ladi? Qachon bo‘ladi?» degan savollarimga dorixona xodimi past ovozda shunday javob berdi:

— Aka, bu dori arzonlashtirilgan dorilar qatoriga kiritilgan, davlat tomonidan ko‘rsatilgan narxdan qimmatga tushgani sababli bu kabi dorilar olib kelinmayapti.

Muammoning yana bir tomoni bor: ro‘yxatdagi 343 turdagi dorilarning 227 xili import bo‘lib, barchasi AQSh dollariga sotib olinadi. Ertaga dollar narxi oshib ketsa, ya'ni dorilarning tannarxi qimmatga tusha boshlasa, shu 227 xildagi dorilarning barchasi dorixonalarda sotuvda yo‘q bo‘lib qoladimi?

Bu muammoni hal qilishning 2 yo‘li mavjud:

Birinchisi —davlatimiz shunday qaror chiqarsinki, ushbu 343 xildagi dori vositalari dorixonalarda doimiy ravishda bor bo‘lishi majburiy sotishini ta'minlansin.

Ikkinchi yo‘li — bu arzonlashtirish haqidagi qarordagi ro‘yxatdan o‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan dori-darmon vositalarini olib tashlash lozim, deb uylayman.

Hurmatli KUN.uz tahririyati! Sizlar bu masalani atroflicha o‘rganib, yoritib berasiz, deb umid qilaman.

Hurmat bilan Sardor.
Andijon shahridan.

Tahririyatdan: Xuddi shunday muammo bilan Guliston shahridan Dilmurod Sultonov ham tahririyatimizga murojaat qilgan. «L-Tiroksin 100 Berlin-Xemi» dori vositasini axtarib topishda juda ko‘p muammolarga duch kelganini birma-bir tasvirlab,  «Prezidentimiz qarori asosida bu kabi «arzonlashtirilgan» dorivor vositalarini qachon hamma dorixonalarda sotilishi yo‘lga qo‘yiladi?» — deb savol bergan.

Top