11:22 / 19.06.2017
11502

Transport to‘lovini avtomatlashtiruvchi dasturiy kompleksning ikkinchi avlodi ishlab chiqarildi

“Mikroelektronika Plyus” MChJ shahar transport tarmog‘ida to‘lovlarni avtomatlashtirish loyihasining navbatdagi bosqichi doirasida rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalarini inobatga olgan holda milliy qurilma dasturiy kompleksining ikkinchi avlodini ishlab chiqardi.

Ikkinchi avlod qurilma dasturiy kompleksining avvalgisiga nisbatan asosiy ustunliklari quyidagilardan iborat:

- hozirgi kunda dunyoda keng tarqalayotgan QR kod identifikattsiya tizimi joriy etilganligi - endilikda yo‘lovchilar to‘lovlarni amalga oshirishda QR-kod tasviridan foydalanishlari mumkin;

- to‘lov haqidagi ma'lumotlar tasvirlanadigan ekranning kattalashtirilgani;

- chipta (chek)larni chop etish qurilmasining  takomillashtirilganligi - endilikda u chop etilgan biletni avtomatik tarzda kesib beradi.

Hulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yangi avlod to‘lov tizimida eng zamonaviy 3 xil turdagi - NFC to‘lov kartasi, NFC interfeysli smartfon va QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, mazkur qurilma dasturiy kompleksining qurilma va dasturiy ta'minot qismi to‘liq mahalliy mutaxassislar, ya'ni “Mikroelektronika Plyus” MChJ tomonidan loyihalashtirildi hamda dasturiy ta'minot qismi to‘liq O‘zbekistonda ishlab chiqildi.

Qurilmani ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi deyarli 80 foizga yetkazilib, ust qismi va mikroelektronik ehtiyot qismlarni keltirishda xorijning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilinmoqda.

Shuningdek mazkur tizimning mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilishi unga milliy standartlarga muvofiqlik va xavfsizlikni ta'minlash imkonini beradi.

Top