17:02 / 20.06.2017
31175

Qorovuldan to oilali ayolgacha: Buxoroda qo‘shmachilar faoliyatiga chek qo‘yildi

Bugun bizni iztirobga solayotgan, jamiyatimizga, yoshlarimizning dunyoqarashiga tom ma'noda zaharli zarba berayotgan illatlar tobora ildiz otib bormoqda. Ularning payini qirqish, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish maqsadida mutassaddi idoralar tomonidan aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot va tashviqot ishlari qaysidir ma'noda besamar o‘tmoqda. Sababi shundaki, taassuf, oramizda aysh-ishrat, kayf-safo, ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan, inson qiyofasidagi benomuslar, oriyatsizlar uchrab turibdi. 

Pul, boylik, mol-dunyo ilinjida or-nomusi, g‘ururi, sha'n va qadr-qimmatini bozorga solib, bu insoniy sifatlarni shahvoniy maqsadlarda arzon chaqaga sotayotgan, halol va haromning farqini mutlaqo unutgan qo‘shmachilar soni ortib bormoqda. Ular o‘zlarining yashash xonadonlarini pinhona uchrashuvlar va ko‘ngilxushliklar uchun qulay bo‘lgan «ishq maskani»ga aylantirganlar. Hatto, ishqiy munosabatlar avj olgan go‘shada ulg‘ayayotgan farzandlarining ko‘z oldida tassavvur etib bo‘lmaydigan jirkanch vaziyatlarni yaratib, arzimagan moddiy manfaatni deb yoshgina bolakay yoki qizaloqlarning tarbiyasiga ham salbiy ta'sir etmoqdalar. 

Bunday deyishga asosimiz ham yetarli. Buxoro viloyati IIB xodimlarining viloyat hududida olib borgan tadbirlari davomida yuqorida tilga olganimiz kabi yengil-yelpi hayotga ruju' qo‘ygan o‘ndan ortiq «er-xotinlar» ayni xiyonat ustida, farzandlari, oilalari sha'ni va qadr-qimmatini bulg‘agan holda zinoga berilgan vaqtlarida, ularga sharoit yaratib berayotgan qo‘shmachilar esa, haromdan kelgan daromaddan cho‘ntagini qappaytirgan paytning o‘zida qo‘lga olinganlar. 

Boshqalardan sir saqlagan, pinhona muhabbatiga sazovor bo‘lgan bekasi bilan qorovulxonada ko‘ngilxushlik qilishni joiz deb bilgan Mirshod Komilov ko‘ngil mayliga qarshi bormaganlardan. U hali bo‘ydoq bo‘lishiga qaramay, oilali xonimga ishqi tushib qoldi. Ko‘cha-kuyda ko‘rganida nimalarnidir bahona qilib, bir-ikki bor hamsuhbat bo‘lganida sezdiki, Rohat Mangliyeva ham gulday farzandi bo‘la turib unga befarq emas. Xullas, Jondor shahridagi tuman DSENM qorovulxonasi ular uchun xilvat go‘shaga aylandi. Buning uchun Fayzullo Oqmatov ismli qorovulga 10 000 so‘m kifoya qildi. Ammo o‘sha oqshom bir-birining visoliga tashna «oshiq-ma'shuq»ni birozgina bezovta qilishga to‘g‘ri keldi. Uyat zo‘ridan qo‘llari bilan yuzini berkitib olgan kelinchakning ahvolidan faqat nafratlanasan kishi.

Jondor tumanida qorovullar qo‘shmachilikda kim o‘zarga bir-biri bilan bahs boylashgan shekilli, Niyoz Hoji QFY hududidagi “Ali Noz Plyus” MChJ qorovuli Umed Davronov ushbu MChJning qorovulxonasini atigi 5 000 so‘m evaziga “sevishganlar”ga bo‘shatib berdi. Islom Sultonov Kogon shahrida Komila Fayziyeva bilan tanishib u bilan ko‘ngilxushlik qilish uchun Jondorgacha bo‘lgan masofani “visol ilinjida” nazar-pisand qilmadi. Ammo ularning “visol kechasi”ga ichki ishlar idoralari xodimlari xotima yasadilar. Qorovul amaki esa arzimagan pul uchun javobgarlikka tortilib, o‘zi ishlab turgan ishxonadan yuzi shuvut holda haydaldi. 

Sharif shahrimiz Buxoro azaldan o‘zining qadimiy va mo‘'tabar qadamjolari, qolaversa, iymonli, mehmondo‘st xalqi bilan jahon ahlini lol qoldirgan. Firdavsmonand shahrimizga tashrif buyurgan qaysiki inson bo‘lmasin, bu yerdan buyuk taassurot va xushnudlik bilan qaytgan. Lekin ayrim fuqarolarimiz orasida “nomi qurg‘ur” pul va boylikni deb chet el fuqarolariga ham o‘zlarining xilvat go‘shalarini taklif qilib, “mehmon”ning ko‘ngilini xushlash maqsadida fohisha qizlarni qatorasiga hozirlaydigan benomus va beor satanglarning uchraganligi aslo kechirilmaydi.       

Uzbekistan-China joint venture qo‘shma korxonasiga qarashli BUXARA-BOODIN mehmonxonasi ish yurituvchisi Bobir Salomov o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, axloqsiz va fohisha qizlarning «onasi» bo‘lmish Nasiba Rustamova bilan o‘zaro kelishib, “Qandim” zavodida faoliyat yuritib kelayotgan Janubiy Koreya davlati fuqarolari Xvang Byong Yon, Kim Yong Te, Kim Yong Sup va Kim Sun Gyo ismli xorijiy “kuyov”larga “hojatbarorlik” qilib, ularni bir guruh fohisha qizlar - Nordona Nurova, Munira Nosirova, Maxsat Shirinova hamda Ferangiz Tursunovalar bilan ko‘ngilxushlik qilishlari uchun ushbu mehmonxonada sharoit yaratib berib, qo‘shmachilik qilganliklari aniqlandi. Fohishaxona tashkil qilib koreys “amaki”lardan benomus qizlar savdosi uchun 640 000 so‘mni qurtday sanab olayotgan vaqtlarida qo‘lga olingan qo‘shmachilar qonun oldida javob berishlari tayin.

Buxoro shahar Piridastgir ko‘chasi 3/2-uy, 87-xonada yashovchi Saodat Nuriddinova hamda Mirdo‘stim ko‘chasi 9-uyda yashovchi O‘tkir Nabiyevlar ham qo‘shmachilikdek jirkanch ishni o‘zlari uchun kasb qilib, bu nomaqbul faoliyatdan uyalmay, o‘z uylarini fohishaxonaga aylantirib, harom luqmaning ortidan kun kechirib kelayotganlardan.

Bu ikkala oriyatsiz hamtovoqlar Eron Islom Respublikasida faoliyat yurituvchi “Dashnovard” shirkati haydovchilari, Eron Islom Respublikasi fuqarolari Qara Ko‘l Ali Navro‘z, Shafekaranjik Abdulnazsir va Chaukan Reza Yoqub ismli shaxslarga 232 000 so‘m pullar evaziga o‘z uylaridan “go‘shanga” ajratib, ularning har biriga “shakarguftorlik” qilishlari uchun Aziza Yadgarova, Gulshan Xo‘jaqulova hamda Farida Sharapova ismli juvonlarni tortiq qiladilar.

Eng achinarlisi, har birining o‘z oilasi bo‘la turib, turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilishdan ham tap tortmagan bu juvonlar nahotki haromdan kelgan pul ilinjida badanini sotsa, oilasi yuziga oyoq bosib, soqoli oqargan notanish kimsa bilan bir to‘shakka yotishga rozi bo‘lsa?! 

Ichki ishlar idoralari xodimlari tadbirlar davomida Buxoro shahar Piridastgir ko‘chasi 9/1-uy, 40-xonada ham shunday xunuk “manzara”ning guvohi bo‘lishdi. Xonadon sohibasi Yuliya Muratova muqaddam sodir etgan qo‘shmachilik jinoyatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 131-moddasi bilan sudlanganligidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay, «o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas» qabilida ish tutdi. Husniddin Qambarov va uning “ko‘ngil sohibasi”  Sharofat Sharopovalar uchun 50 000 so‘m pul evaziga o‘z uyida “chimildiq” tayyorlab, “oftobada suv isitgan” bu ayol yana bir marotaba javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi.

G‘ijduvon tumani “Maishiy xizmat” kasb hunar kollejining 3-bosqich talabasi Sharif Negmurodov hali “og‘zidan ona suti anqib tursa” hamki ko‘ngil xushlashni ixtiyor etadi. Samarqand viloyatidan Buxoroga kelib o‘z nomusini sotib yurgan, 19 yoshni endigina qarshilagan Sitora Ro‘ziqulova Sharifjonni har doimgidek borar manzili, ya'ni A.G‘ijduvoniy ko‘chasi 27/2-uyda qo‘shmachilik bilan shug‘ullanadigan opasi Gulmira Yadgarovaning uyiga yetaklab boradi. Yoshgina juftlikni qarshi olgan opaxon Sharifjondan 30 000 so‘m pulni olgandan so‘ng ularga yumshoqqina joy hozirlaydi. Ichki ishlar idoralari xodimlarining ushbu xonadonga tashrifi esa, bir-biriga mushtoq bo‘lgan murg‘ak qalblarni biroz bezovta qildi.     

Albatta, yuqoridagi har bir holatga nisbatan qonuniy baho berilib, jazoning muqarrarligi ta'minlandi. Endilikda «sevishgan» juftliklar bilan birga ularning pinhona uchrashuvlariga xayrihohlik bildirgan qo‘shmachilar ham qilmishlariga yarasha javobgarlikka tortilishlari tayin. Biroq ularga qonuniy jazo berish bilan jamiyatimizda uchrab turayotgan bunday salbiy illatlarga, ular tufayli yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish mushkul. 

Xulosa chiqarish har kimning o‘z vijdoniga havola. Zero, bugungi kun, har bir fursat, beparvo qo‘l siltab, o‘z yumushini bamaylixotir bajarib yuraveradigan loqayd insonlarni ayab o‘tirmaydi.

Baxtiyor Raxmatov, kapitan
Buxoro viloyati IIB

Top