Londondagi Finsberi-park tumanida joylashgan masjid yonidagi terakt ijrochisi 47 yoshli Darren Osborn ekanligi ma`lum bo'ldi. Bu haqda Sky News telekanali xabar bermoqda.

Avvalroq London politsiyasi bosqinchi 48 yoshdaligini ma`lum qilgandi, biroq uning ismi aytilmagan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey ham terrorchi shu yoshda ekanligini aytgandi. Keyinroq Skotlend-Yard terakt ijrochisi 47 yoshdaligini  Twitter’da ma`lum qilgan. 

19 iyunda soat 00:20 lar atrofida oq furgon haydovchisi kechki ibodatdan so'ng masjiddan uylariga qaytayotgan musulmonlarga borib urilgan. Haydovchi odamlar tomonidan ushlanib, politsiyaga topshirilgan. Voqea oqibatida 1 kishi halok bo'lgan, 10 kishi esa jarohat olgan. Ulardan ikkisiga voqea joyida yordam ko'rsatilgan, qolgan 8 jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilgan.

Sky News’ning ma`lum qilishicha, dastlab Osborn qotillikka urinish gumoni bilan hibsga olingan. So'ngra u aksilterrorchilik qonunchiligini buzishda gumon qilina boshlangan. Jumladan, u teraktni amalga oshirish, unga tayyorgarlik ko'rish va sodir etishga gij-gijlash, jumladan qotillik va qotillikka urinishda ayblanmoqda. 

Skotlend-Yardning ma`lum qilishicha, Finsberi-parkdagi hujum bilan bog'liq ravishda Uels poytaxti Kardiffdagi turar joy manzili bo'yicha tintuv o'tkazilgan.