12:36 / 20.06.2017
10609

Peres: «Ronalduda pullarini yashirish niyati bo‘lmagan»

Foto: As

«Real» prezidenti Florentino Peres jamoa hujumchisi Krishtianu Ronaldu atrofidagi vaziyat haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Men hali Krishtianu bilan gaplashmadim. Hozircha sizga hech narsa ayta olmayman. Oxirgi paytlarda men prezidentlik saylovi bilan band bo‘ldim va bu mavzuga vaqt ajrata olmadim.

Men barchasini gazetalarda o‘qidim. Hozircha menda bir qaror yo‘q. Krishtianuning klub bilan shartnomasi bor, u «Real» futbolchisi. Biz u bilan gaplashamiz.

Hozir Krishtianu terma jamoasi bilan muhim turnirda ishtirok etmoqda va men uni bezovta qilmoqchi emasman. Nima bo‘lganini aniq bilmayman, ammo buning barchasi g‘alati.

Krishtianu – yaxshi yigit va haqiqiy professional. Bu tarix esa juda g‘alati. Men u bilan gaplashaman, u hammasini tushuntirib beradi.

Ha, barcha soliqlarni to‘lashi kerak. Ammo Krishtianuda soliqdan qochish fikri bo‘lmagan, u hech qachon pullarini yashirmagan. Men matbuotdagi mish-mishlarni o‘qib, zada bo‘ldim», – degan Peres.

13 iyun kuni Ispaniya prokuraturasi Krishtianu Ronaldu 2011-14 yillar davomida jami 14,7 million yevro miqdoridagi soliqlarni yashirgani uchun unga qarshi ish ochdi.

15 iyun kuni Portugaliyadagi nashr Ronaldu «Real»dan ketishni istayotgani, bunga u o‘zini klub tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayotgani haqida xabar tarqatdi. Ko‘p o‘tmasdan futbolchi terma jamoadagi sheriklariga Madriddan ketishga qaror qilgani haqida ma'lum qildi.

Top