15:15 / 20.06.2017
11305

Poyabzal qutisida dori olib kirmoqchi bo‘lganlar fosh etildi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni yashirin yo‘llar bilan olib kirilishiga doir bir nechta bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilindi, deb xabar bermoqda “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati.

Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Moskvadan uchib kelgan fuqaro J.Reymovga tegishli bo‘lgan bagaj bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ichida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida taqdim qilinmagan 23 turdagi 3389 dona dori vositalari va 4 turdagi 8 dona biologik aktiv qo‘shimchalar borligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, mazkur dori vositalari O‘zbekiston Respublikasida Tibbiyot amaliyotida qo‘llanishga ruxsat etilgan dori vositalari Davlat reyestriga kiritilmaganligi bois, ularni sotish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlangan. Biologik aktiv qo‘shimchalar esa tegishli sifat va xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi bois foydalanish uchun yaroqsiz, deb topildi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur dori vositalari va biologik aktiv qo‘shimchalarning umumiy bahosi 84 mln. so‘mdan oshar ekan.

Ushbu holat yuzasidan fuqaro J.Reymovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqarolar G.Ashimova, Ch.Polvonova hamda J.Oltiboyevlar ham bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma'lum qilinmagan dori vositalarini bagajlardagi bolalar oyoq kiyimlari qutilari orasiga yashirgancha olib kirmoqchi bo‘lishdi.

Ammo, bu qing‘ir reja ularga naf bermadi. G.Ashimova 1000 dona, Ch.Polvonova salkam 1200 dona va J.Oltiboyev 1,5 ming donadan ortiq konvalyutada 3 turdagi dori vositalarini olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi. Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan mazkur dori vositalari va 30 juft bolalar oyoq kiyimlarining umumiy qiymati esa salkam 148 mln. so‘mni tashkil qilar ekan.

Eslatib o‘tamiz, respublikada jismoniy shaxslar shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari, shuningdek 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlarni olib kirishlari yoki olib chiqishlari mumkin.

Bu jarayondagi eng muhim talablardan yana biri shundaki, bojxona chegaralari orqali shaxsiy maqsadlarda olib o‘tilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining o‘ramida bo‘lishi kerak.

Top