23:44 / 22.06.2017
20425

Bektemir tumanida Majburiy ijro byurosi bo‘yicha targ‘ibot yig‘ilishi o‘tkazildi

22 iyun kuni Bektemir tumanining “Zilola” mahallasida tuman prokuroturasi tomonidan anjuman tashkil etildi. Yig‘ilishda “Zilola” mahalla fuqarolar yig‘ini a'zolari hamda yoshlar ishtirok etishdi. 

Tadbirda ishtirokchilarga Bektemir tumani IIB Qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Ravshan Abdullayev tomonidan ko‘p qavatli uylardagi va yakka tartibdagi xususiy xonadonlarni texnik qo‘riqlov pultiga ulash hamda turar-joy va boshqa obektlarga videokuzatuv moslamalari o‘rnatishning afzalliklari to‘g‘risida kerakli ma'lumotlar berildi.

Shuningdek, Bektemir tumanining prokuror o‘rinbosari Sarvar Ahmedov hamda prokuror yordamchisi, 3-darajali yurist Sarvar Komiljonov aholiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5059-sonli farmonining mazmun-mohiyatini tanishtirib o‘tishdi. 

Bundan tashqari, yig‘ilganlarga 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, elektr va gaz ta'minoti sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilishi haqida to‘liq ma'lumotlar berildi.

Tadbir yakunidan so‘ng, prokuratura vakillari mahallada yashovchi xonadonlarga tashrif buyurib, yangiliklardan boxabar etishdi. Shuningdek, endilikda gaz va elektr energiyasi to‘lovlari Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan undirilishini ma'lum qilindi.

 

 

Top