08:37 / 23.06.2017
4255

"Formula-1" poygachilari Ozarboyjon Gran-prisi ilk g‘olibini aniqlaydi

Foto: EPA/ZURAB KURTSIKIDZE

2017 yilgi “Formula-1” mashinalari sinfidagi avtopoygalar bo‘yicha jahon chempionati sakkizinchi bosqichi dasturi – Ozarboyjon Gran-prisi – juma kuni Bokudagi shahar trassasida ikkita erkin amaliyot bilan boshlanadi.

"Mersedes" piloti britaniyalik Lyuis Hemilton va nemis Sebastyan Fettel ("Ferrari") hamon bir-biri bilan mushuk-sichqon o‘ynashda davom etmoqda. Ular mavsum boshida bittadan g‘alabani qo‘lga kiritishdi, shundan so‘ng Hemilton Sochidagi bosqichda ma'lum murakkabliklarga duch keldi va Fettel bundan darhol foydalanib, britaniyalik bilan oradagi farqni yettinchi bosqich oldidan 25 ochkoga yetkazib oldi. Biroq Kanada Gran-prisida nemis ham muammolar girdobida qoldi, Hemilton esa g‘alaba qozonib, oradagi farqni 12 ochkoga qadar kamaytirdi. Bokuda jahonning uch karra chempioni umumiy jadvalda raqibiga yaqinlashishga urinib ko‘radi.

Bokudagi bosqich chempionat dasturiga o‘tgan yili kiritildi, biroq o‘shanda u Yevropa Gran-prisi doirasida o‘tkazilgandi, bu mavsumdan esa bosqich Ozarboyjon Gran-prisi nomini oldi. Trassa shahar chetida joylashgan, to‘g‘ri start esa Kaspiy dengiz qirg‘og‘idan o‘tadi.

Trek 20 ta burilishdan iborat – 12 ta chap va sakkizta o‘ng burilish, aylana uzunligi esa – 6 km.ga teng. To‘g‘ri start esa chempionat dasturidagi eng uzuni hisoblanadi - 2,1 km, poygachilar to‘g‘ri start yakunida soatiga 340 kilometrga chiqishlari mumkin. Trassaning boshqa bir o‘ziga xos jihati – birdaniga sakkizta 90-darajali burilish.

O‘tgan yili bu yerda amaldagi jahon chempioni nemis Niko Rosberg g‘alaba qozongandi, u sovrinni qo‘lga kiritganidan besh kun o‘tib faoliyatini yakunlashi haqida ma'lum qildi.

Erkin poygalarning birinchi qismi Toshkent vaqti bilan 14:00 da boshlanadi, ikkinchisi esa – 18:00 da. Shanba kuni uchinchi erkin amaliyot (15:00) va saralash (18:00) bo‘lib o‘tadi. Bosqich dasturi yakshanba kungi poyga bilan yakuniga yetadi (18:00).

Mavzuga oid
Top