11:01 / 23.06.2017
13008

Internet-inqilobdan sivilizatsiyalar tanazzuligacha: Ilon Maskdan 29 iqtibos

Ilon Maskning xayolida nimalar borligini kim biladi? U o‘z muvaffaqiyatlariga qanday baho beradi? Dunyoni o‘zgartira olishi mumkinligini tushungach, u nimalar haqida orzu qilmoqda? U nimadan qo‘rqadi? Ilon Mask — asli janubiy afrikalik ishbilarmon SpaceX, Tesla, PayPal, SolarCity, Neuralink va The Boring Company asoschisi bo‘lgan va erishilgan narsalarida aslo to‘xtab qolmoqchi emas. Uni nima shu marragacha yetkazdi? Quyida INSIDER.PRO tomonidan to‘plangan, Ilon Maskka tegishli iqtiboslardan ba'zilarini keltirmoqdamiz — ular Maskning inqilobiy tafakkurini ro‘yobga chiqaradi.

O‘rganish va mantiq

1. To‘g‘ri savollar

«Galaktika bo‘ylab yo‘l-yo‘lakay» kitobi meni qanday savollar berish to‘g‘riligini anglash nechog‘lik murakkab vazifa ekanligi xususida o‘ylanib qolishga majbur qilgan. Mana shu murakkab vazifani uddalasangiz, qolgani xamirdan qil sug‘urgandek oson bitadi. Men shunday xulosaga keldimki, o‘sha to‘g‘ri savollarni topish uchun inson ongini kengaytirish va chuqurlashtirishga urinishimiz kerak ekan. Aslida, ma'noga ega bo‘lgan yagona narsa — jamoatchilik ma'rifatiga intilishdir.

2. Voqealar girdobida bo‘lish istagi

Eng zamonaviy texnologiyalar haqida har gal o‘qiganimda gap AQSh yoki qo‘polroq qilib aytganda, Shimoliy Amerika haqida ketayotgan bo‘lardi. Men ilg‘or texnologiyalar yaratiladigan go‘shada hozir bo‘lgim kelardi. Albatta, AQSh texnosanoatining yuragi — Kremniy vodiysida bo‘lishni orzu qilardim. Garchi o‘sha paytda bu joy qayerda joylashganini ham durust bilmasdim, lekin u menga ertaknamo joydek tuyilardi.

3. G‘oyaga mukkasidan ketish

Uning aytishicha, ishqiy uchrashuvimizda undan so‘ragan birinchi narsam «Sen biror marta elektromobillar haqida o‘ylaganmisan?» bo‘lgan ekan. U «Yo‘q, hech qachon», deb javob bergan. Ilk uchrashuvimiz ana shunday sovuqqina o‘tgan. Keyingi paytlarda elektromobillar haqidagi savollar qizg‘in kutib olinmoqda.

4. Qanday ish bilan mashg‘ul bo‘lishni anglash

Kollejda o‘qir ekanman, men shunchaki o‘yladim: «Qiziq, insoniyatning kelajagiga global darajada nima ta'sir o‘tkaza oladi? Nimadir menga pichirlab, bu Internet, muqobil energiya manbalari, boshqa sayyoralarni egallash, genetikaning rivoj topishi va sun'iy idrok bo‘lishini aytib turardi.

5. Internet-inqilobga aloqadorligi

Bu hech ham «O, men mo‘may daromad topishni istayman», deganim emasdi. Internetga kirish bilan Yer sharining istalgan nuqtasidan barcha ma'lumotlarga yo‘l ochiladi: bu xuddi asab tizimidagi impulslarga o‘xshaydi. Insoniyat faol ravishda supertanaga aylanib bormoqda — uni ilgari bo‘lib o‘tgan biror narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Men ham shu jarayonning bir qismi bo‘lishni istayman.

6. Tanqidiy fikrlash va axborot ihotasi

Aksiomalaringiz to‘g‘rimi, uni muayyan vaziyatga nisbatan qo‘llab bo‘ladimi, to‘g‘ri xulosalar chiqarilganmi? Tanqidiy fikrlashning mohiyati mana shundan iborat — hayratlanarlisi, insonlar ko‘pincha bundan qochishadi. Menimcha, o‘zi istagan narsani haqiqat deya qabul qilish — inson miyasini tug‘ma funksiyasi bo‘lsa kerak. Siz hamma narsa sizningcha bo‘lishini istaysiz, shu sababli inkor qilinishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan axborotni ham inkor etasiz.

7. O‘qishdan ko‘ra uqish muhimroq

Ko‘plab bolakaylar maktabda nima qilayotganini tushunmaydi. Menimcha, sizda «nega» va «nima uchun» degan savollarga javob bo‘lsa, insonlarni chog‘lantirishni ajoyib tarzda uddalay olasiz. Bu holatda ular maqsadni ko‘ra boshlashadi.

8. Imkoniyatlar chegarasida o‘rganish

Menga shundoq ham miyam to‘lib toshib yotgandek tuyiladi. Bir necha vazifalarni birvarakayiga olib borishga to‘g‘ri keladi, bu holatda ularning har birini ikir-chikirigacha tekshirib turish kerak. To‘g‘risini aytganda, aksariyat insonlarda biror narsani o‘rganish uchun ularga tuyilganidan ancha ortiqroq, oxirigacha amalga oshirilmagan qobiliyat mavjud. Ular eng kam qarshilikka uchrash yo‘lini tanlashadi va alohida g‘ayrat qilishmaydi. Bitta maslahat: bilimni o‘ziga xos semantik daraxt deb tasavvur etish muhim — barglar — detallarga o‘tishdan oldin fundamental prinsiplar, ya'ni, uning tanasi va yirik shoxlari sizga tushunarli bo‘lsin, aks holda ushlagani hech narsangiz bo‘lmaydi.

9. Haqiqatning ahamiyati

Men doimo haqiqatgacha yetib borishga intilganman. Agar siz qandaydir qaror chiqarmoqchi ekansiz, unda haqiqat, albatta, muhim ahamiyatga ega.

Biznes

10. Foyda keltirishga intilish

Kompaniya tuzar ekansiz, «Dunyoga qanday foydali narsa yetishmayapti?» degan nuqtai nazardan yondashgan ma'qul. Pul ishlash uchun shunchaki tadbirkor bo‘lishning o‘zi yetarli emas.

11. Foydaning ahamiyati

Fikrimcha, foyda yaxshi chog‘lantira oladi, unda prinsipal jihatdan biror noto‘g‘ri narsa yo‘q. Aslida foyda sizga qilgan ishingiz uchun sarflaganingizdan ko‘proq to‘lashayotganini bildiradi. Bu yaxshi.

12. O‘z ishining ustalari

Yaxshi, mahoratli bir necha insonlar guruhi o‘rtamiyona professionallarning yirik guruhidan har doim bir qadam oldinda bo‘ladi.

13. Shaxsiyat ahamiyatga ega

Men yo‘l qo‘ygan eng katta xato — uni hanuzgacha to‘g‘rilash harkatidaman — insonning iqtidoriga ko‘proq e'tibor berib, shaxsiyatiga loqayd munosabatda bo‘lishdir. Aslida oqko‘ngillik — juda muhim jihat. Chindan ham muhim. Men gap faqat miyada, deya juda ko‘p adashganman.

14. Raqobatchilar va ularga ajratilishi lozim bo‘lgan e'tibor

Biz ko‘pincha eng yaxshi mahsulotlarni ishlab chiqarishga mukkasidan ketib, raqobatchilarimiz nima bilan mashg‘ulligini unutamiz. Marafon masofasiga yugurish chog‘ida boshqa yuguruvchilar haqida qayg‘urib o‘tirmaslik, shunchaki, yugurishda davom etaverish kerak.

15. O‘zgarishlar va muvaffaqiyatsizliklarni idrok qilish

Universal sxemalar yo‘q. Xatoga qachon va qanday yo‘l qo‘yishingizni oldindan aytib bo‘lmaydi. Xatolar ham o‘lim hukmi emas.

16. Fikrlarning ahamiyati

Doimo tanqidni qabul qiling, ayniqsa, do‘stlaringizning tanqidlarini. Chunki ular odatda bu borada o‘ylayotgan narsasini doim ham oshkor etaverishmaydi.

17. Brendlarni idrok etish

Brend — sifat haqidagi tasavvur bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan u voqelikka moslasha boradi. Ba'zan ko‘proq, ba'zida kamroq. Biroq, brend — mahsulotdan jamoaviy taassurot degani.

18. Muvaffaqiyat kaliti

Biror narsadan boshlang, shundan so‘ng, o‘z taxminlaringizni shubha ostiga olish, xatolarni to‘g‘rilash va voqelikka moslashishga tayyor bo‘ling.

Innovatsiya, texnologiyalar, kelajak

19. Texnologiyalar ravnaq topishi kerak

Innovatsiyalar gullab-yashnaydigan muhit yaratish juda muhim, biroq ularga darvin ruhiyatida rivojlanish uchun imkon berish yanada muhimroq. Dov yuqori bo‘lganida intuitsiyaga tayanib, biror bir texnologiyani tanlash, aynan u g‘olib bo‘ladi, deya ta'kidlash yaramaydi — chunki bunday bo‘lmasligining ham ehtimoli bor. Siz texnologiyalarning tabiiy yo‘l bilan evolyutsiyaga erishishiga qo‘yib berishingiz lozim.

20. Vayronkor oqibatlar

Faoliyatingiz vayron qiluvchi oqibatlarga olib kelmasmikan, deb o‘ylash ham muhim. Agar gap unchalik ahamiyatli narsa haqida bormayotgan bo‘lsa, oqibatlari ham jiddiy bo‘lmaydi. Vayron qiluvchi o‘zgarishlarga va qandaydir inqilobiy narsa sabab bo‘lishi mumkin, xolos.

21. Kelajakdagi sun'iy idrok

Sun'iy idrok texnologiyalari keyingi 20 yil ichida aql bovar qilmas rivojlanishga ega bo‘ladi. U allaqachon katta qadamlar bilan odimlamoqda. Biror narsani oldindan aytish qiyin — istiqbol nuqtai nazaridan bu bir maromdagi jarayondek tuyuladi. Aslida, unday emas. Menimcha, sun'iy idrok rivojlanishi haqiqatan ham tezlashgan.

22. Unikal ixtirolar

Neyron to‘rini yaratish — chindan ham insoniyat uchun juda muhim narsa. Bu bizga mashinalar bilan hamohang yashash imkonini beradi.

23. Biz — kiborglarmiz

Biz allaqachon kiborgga aylanib ulgurganmiz. Biz tarmoqda o‘zimizning raqamli versiyamizni yaratamiz: ular bizning elektron xatlarimiz, ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarimiz va butun onlayn faoliyatimiz shaklini olishgan. Bizning superkuchimiz kompyuter va telefon ilovalarida yashirin. Hozir oddiy insonda 20 yil avvalgi AQSh prezidentidan ko‘ra ko‘proq hokimiyat bor. Har qanday savolga javob berish, istalgan kishi bilan videokonferensiya o‘tkazish, millionlab insonlarga bir vaqtning o‘zida xabar jo‘natish mumkin. Mo‘'jiza yaratish mumkin.

24. Haydovchisiz transport

O‘zini o‘zi boshqarish tizimi insonlarga nisbatan mashinani yaxshiroq boshqaradi. Bir kilometr masofaga nisbatan avtohalokatlar soni olinsa — ularning soni kamoq bo‘ladi. Fikrimcha, haydovchisiz transportga to‘liq o‘tish uchun uch yildan ko‘p vaqt talab etilmaydi. Rul va pedallarga ega avtomobil yaqin kelajakda ot-ulovdek qabul qilina boshlaydi — unda sayr qilish kundalik voqelik emas, romantika bo‘ladi.

25. Tunnellarining ahamiyati

Shaharlarning asosiy muammosi shundaki, biz ularning 3D formatda barpo etamiz. Hamma joyda baland-baland binolar, ularning ichida esa ko‘plab insonlar joylashgan — bir vaqtning o‘zida, yo‘llarimiz esa 2D formatda qurilgan. Bu — boshi berk ko‘cha. Bundan qutilishning yo‘li — tunellar qurish, ular 3D formatga o‘tishda yordam beradi. Bir-biri bilan kesishuvchi butun bir tunellar tarmog‘ini yaratish mumkin — ular orasida biroz vertikal masofa ushlansa bas. Shaharlarda avtomobil tirbandligi muammosidan ham shu tarzda qutilish mumkin.

26. Yer va Marsning orbital sinxronizatsiyasi

Marsga ikki yilda bir marta yo‘l olish mumkin, chunki Yer va Mars orbitalarining sinxronizatsiyasi aynan shuncha davr oralig‘ida ro‘y beradi. Biroq men buni sivilizatsiya rivojlanishining qiziqarli yo‘li, deb bilaman. Insonlar bir birlari bilan uchrashib, boshqa sayyoralarga sayohat haqida muhokama qilishadi.

27. Reallikni modellashtirish

Umid qilamanki, inson — raqamli super idrok solib qo‘yish mumkin bo‘lgan biokonteyner emas. Taassufki, hali shunday qilish ham mumkin bo‘ladi.

28. Tsivilizatsiyalarning texnologik tanazzuli

Aksariyat insonlar texnologiyalar avtomatik mukammallashmasligini tushunmaydi. Bu beqiyos mehnat va injyenerlik iqtidorini sarflash tufayli yuz beradi. Tarixda sivilizatsiyalar ma'lum bir texnologik darajaga yetishib, yana avvalgi darajasigacha tushish hollari ko‘p yuz bergan. Bu holda keyingi tiklanish jarayonlari uchun ming yillab sarflangan.

29. Texnolgiyalar sohasida shiddatli o‘sish

Texnosanoatda kimdir inqilobiy ixtiro qilsa, bu aslo oddiy narsa emas. Ko‘pincha bu jiddiy innovatsiyalarga olib boruvchi bir necha jarayonlarning umumlashmasi bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top