14:38 / 23.06.2017
6779

Nazarboyev Qozog‘iston telekanallarini qo‘shni mamlakatlarda ham efirga uzatishni taklif qildi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev respublika davlat telekanallarini qo‘shni mamlakatlarda ham efirga uzatish imkoniyatini o‘rganib chiqishni taklif qildi. U juma kuni, Ostonadagi qozoqlar V-Butunjahon qurultoyida chiqish qilib, shunday tashabbusni ilgari surgan.

"Bizdan uzoq bo‘lgan hamyurtlarimiz Qozog‘iston haqida ma'lumotni doimiy tarzda olishni, vatani bilan aloqada bo‘lishni istaydi. Bugun Kazakh TV telekanali efirga chiqmoqda, u bizning hamyurtlarimiz yashovchi ko‘plab mintaqalarni qamrab oladi. Biroq, bu yetarli emas. Hukumatga davlat telekanallari efirini qo‘shni mamlakatlarga ham uzatish imkoniyatini ko‘rib chiqish vazifasini topshiraman", - dedi Nazarboyev.

Qurultoyda 750 delegat va mehmon, jumladan, yaqin hamda uzoq xorijning 39 davlatidan kelgan 350 kishi ishtirok etmoqda. Ular orasida ijodkorlar va ilm-fan namoyondalari, sport, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, OAV bor. 1992 yildan beri o‘tkazib kelinuvchi qurultoy dunyoning turli burchaklarida yashovchi etnik qozoqlar uchrashuvi va muloqoti maydonchasiga aylangan.

Mavzuga oid
Top