11:10 / 23.06.2017
59939

«Paxtakor»da yangi murabbiy. Bu jyentlmen aslida kim?

Bugun, 23 iyun kuni gruziyalik sobiq futbolchi Shota Arveladze Toshkentning «Paxtakor» jamoasiga yangi murabbiy sifatida tanishtiriladi. 

Ayni vaqtda, 14 tur o‘yinlaridan keyin 21 ochko jamg‘argan holda beshinchi o‘rinda joylashib turgan «Paxtakor»da joriy mavsumda uchinchi murabbiy ish boshlash arafasida. Bungacha jamoani Grigoriy Kolossovskiy hamda Ravshan Haydarov navbatma-navbat boshqarishdi. «Tribuna» sayti «Paxtakor»da yangi davrni boshlab berishi kutilayotgan Shota Arveladze haqidagi qiziq ma'lumotlarni keltirdi.

Shota Arveladze — Gruziya futboli tarixidagi eng yaxshi to‘purar, mamlakat chegaralaridan tashqarida ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan futbolchi. U futbolchilik faoliyati davomida «Martve», Tbilisining «Dinamo»si, «Trabzonspor», «Ayaks», «Reyndjyers», «AZ-Alkmaar» va «Levante» kabi jamoalarda to‘p surgan. U 1991 yildan 1993 yilgacha qatorasiga uch marta Gruziya chempioni, 1997-98 yillarda Niderlandiya chempioni bo‘lgan, 2 marta Shotlandiya kubogini (2001-02, 2002-03), 3 marta Shotlandiya ligasi kubogini (2001-02, 2002-03, 2004-05) va bir marta Turkiya kubogini (1994-95) qo‘lga kiritgan.

Ayni vaqtda 44 yoshda bo‘lgan Arveladze uch marta Gruziyaning eng yaxshi futbolchisi, bo‘lgan terma jamoa safida gol urish bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etgan — 26 gol. U 2008 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagan va murabbiylikni boshlagan.

Dastavval u «AZ-Alkmaar»da Lui van Gaalga yordamchilik qilgan, 2010 yildan esa mustaqil ishlay boshlagan, uning ilk jamoasi - «Qaysarispor». 2012 yilda bu jamoadan ketgach ham u Turkiya futbolida qoladi va 2012-2015 yillarda «Qosimposho»ni muvaffaqiyat bilan boshqaradi. Uning rahbarligidagi birinchi va ikkinchi mavsumlarda jamoa oltinchi o‘rinda bo‘ladi. 

2014-2015 yillar mavsumida esa pasayish kuzatiladi, uning jamoadan ketishi futboldagi o‘ziga xos hodisaga aylandi.

«Qosimposho» va «Konyaspor» jamoalari o‘rtasida kechgan bellashuvning birinchi bo‘limi vaqtida «Konyaspor» hujumchisi Rayan Babel jarohat olib yiqiladi va uning jamoadoshlari harakatlanishdan to‘xtaydi. Bu vaqtda esa «Qosimposho» futbolchisi gol urib qo‘yadi. Shundan keyin Arveladze shogirdlariga «feyr-pley»ga amal qilgan holda raqibga javob goli urishiga xalaqit bermaslikni ko‘rsatma qiladi, futbolchilar murabbiy aytganidek raqibga gol urishi uchun imkoniyat yaratadi. O‘yinda «Qosimposho» 1:2 hisobida yutqazadi, raqib ikkinchi golni penaltidan uradi. Mehmonlar jamoasi rahbariyati buning uchun murabbiyni iste'foga chiqaradi, shunga qaramay murabbiy o‘z qarori to‘g‘ri bo‘lganini ta'kidlaydi.

«Buni muhokama qilishni istamayman. Mening o‘rnimda boshqa murabbiy bo‘lganida ham shunday qaror qabul qilardi. Futbolchilarim bilan buni gaplashdim, men iste'foga ketayapman», degandi o‘shanda uchrashuvdan keyin Shota Arveladze.

Gruziyada ushbu ishi uchun Shota Arveladze «Yil jyentlmeni» sovrini bilan mukofotlangandi.

Shu mavsumdayoq Turkiyaning boshqa bir jamoasi «Trabzonspor» Shota Arveladzeni ishga taklif etadi. Lekin jamoa keyingi mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkazmaydi va murabiy mavsum o‘rtasida iste'foga chiqariladi.

Arveladzening keyingi jamoasi Isroilning «Makkabi» klubi bo‘ldi. 2015-16 yilgi mavsum oxirida va 2016-17 yilgi mavsumning birinchi davrasida shu jamoada faoliyat olib boradi, Yevropa Ligasida qatnashadi, shu yilning yanvarida jamoani tark etadi. 

U murabbiy sifatida hali sovrindor bo‘lmagan, aynan «Paxtakor»da unda bunga erishish imkoniyati mavjud. Toshkent jamoasi mavsumlar oralig‘ida murabbiydan tashqari, yana bir legionerni, Chernogoriya terma jamoasi a'zosi Marko Simichni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Murabbiy va futbolchi bugun, soat 18:00da «Paxtakor» stadionida tanishtiriladi.

Arveladze bilan qancha muddatga shartnoma tuzilgani, uning maoshi miqdori hozircha ma'lum emas. Uning oxirgi jamoasidagi maoshi yiliga 800 ming yevro bo‘lgandi.

Futbolchining transfer qiymati va unga tayinlanadigan maosh miqdori ma'lum emas.

transfermartkt.de Marko Simichning transfer qiymatini 1,8 million yevro etib belgilagan.

Top