15:09 / 23.06.2017
15085

Ta'limni zamon yangilanishlariga muvofiq isloh qilib borish lozim

O‘z kelajagi va taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir xalq ta'lim tizimiga shunchaki o‘tkinchi ma'naviy qadriyat sifatida qaramaydi. Ko‘pgina davlatlar tarixida davlat ta'lim tizimini tashkil qilish va rivojlantirishga qanchalik katta ahamiyat qaratganligining o‘zi ham fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Barcha rivojlangan davlatlarda hukumat ta'lim tizimini hamisha jiddiy nazorat ostiga olgan bo‘lib, uni uzluksiz ravishda jamiyat va zamon talablariga qarab o‘zgarish va yangilanishlarga muvofiq isloh qilib borgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi Uchtepa tumaniga tashrif buyurishi va ushbu safar chog‘ida ta'lim tizimidagi ishlarga baho berishi, jumladan, 11 yillik tizimni qayta tiklash borasida bildirgan fikri jamiyat tomonidan iliq kutib olindi, o‘tkazilgan tadqiqotlar va ilmiy xulosalar bo‘yicha 11 yillik ta'lim tizimini viloyatlarda ham shu yilning o‘zida joriy etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Bo‘layotgan voqealar bo‘yicha internet Kun.uz saytida “Yo‘qotilgan avlod yoxud 11 yillik ta'lim tizimi atrofida kechgan o‘ylar”, “Aks-sado: “Kollejlarda o‘qigan avlod yo‘qotildi”, deyish ko‘r-ko‘rona hukm qilishdir” nomli maqolalar chop etildi.

Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, biz bugungi kunda zamon talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlashimiz uchun ta'limning mazmunan yangi shakliga o‘tdik. Ko‘pgina rivojlangan davlatlar, xususan, Yaponiya, Malayziya, Singapur, Janubiy Koreya davlatlari rivojlanishida ta'lim tizimida mutlaqo yangicha yondashuv hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Bugungi kundagi rivojlanish bizning ham oldimizga ushbu davlatlar singari bozorda talab katta bo‘lgan sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalasini qo‘ymoqda. Hozirgi davrda jahon bozorida shunday kasb va hunarlar vujudga kelganki, ularning aksariyati universitet va kollejlarda emas, balki oddiy o‘quv markazlarida 3 yoki 1 yilda emas, juda qisqa vaqt ichida tayyorlanmoqda. Bunga ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin. Masalan, Singapurda ham ta'lim iqtisodiy taraqqiyotning birinchi galdagi vazifasi sifatida qaralgan. Ta'lim sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar amerikacha ta'lim modeli bilan o‘zaro aloqaga kirishish yo‘li orqali hal etildi. Garchi mazkur tizim pullik bo‘lsa ham (O‘zbekistonda maktab ta'limi bepul) singapurliklar nafaqat 10 yillik maktab ta'limi, balki malaka oshirishga qaratilgan ishlab chiqarishga tayyorlovchi turli kurslarga ham alohida ahamiyat bera boshladilar. Singapurning politexnika maktablari va kollejlarida texnika sohasiga oid bilimlardan tashqari grafika va dizayn asoslari hamda arxitekturaga oid fanlar ham o‘qitib borilgan. Ta'lim ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, asosiy e'tibor amaliyotga qaratilgan. O‘quvchi yoshlar va hunar o‘rganuvchi mutaxassislar o‘zlarining asosiy vaqtini amaliy yoki ishlab chiqarish joylarida o‘tkazar edilar. Bundan tashqari, malakali pedagoglar nazorati ostida olib boriladigan qo‘shimcha labaratoriya va seminar mashg‘ulotlari fuqarolarga sifatli bilim olish, shuningdek, muassasani tugatgandan so‘ng nazariy bilimlarini amaliyotda erkin qo‘llay bilish imkonini beradi. Shuningdek, OTMlarda ma'ruzalar qilish uchun turli sohalarning yetuk mutaxassislari, jumladan, muhandislar, menejyerlar, advokatlar va boshqalarni taklif qilish bo‘yicha hukumat tomonidan qaror qabul qilingan. Bunday mutaxassislar o‘quv jarayonini nazariyotchidan ko‘ra ko‘proq amaliyotchiga ma'lum bo‘lgan bilimlar bilan boyitib, uni yangi sifat bosqichiga ko‘tirish uchun xizmat qilar edilar. Natijada ishlab chiqarishga borgan kechagi bitiruvchi iqtisodiyotning “sifatlilik, ishonarlilik va aniqlilik” tamoyillarini mehnat jarayonining o‘zidayoq osonlik bilan o‘zlashtirar edi.

Shuningdek, Malayziyada ham kadrlay tayyorlash mamlakatga kirib kelgan horijiy investorlar ishtirokidagi kompaniyalardagi kasblardan kelib chiqqan. Malayziyaga kirib kelgan xorij va mahalliy korxonalar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarish va qo‘llash, shuningdek, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ustida tinimsiz bosh qotirir edi. Kompaniyalar korxona xodimlari mashg‘ulotlari o‘qitiladigan maktab, maxsus kurslar, akademiyalar tashkil etishgan.

Ta'lim yaponlar uchun hali-hanuz eng oliy qadriyat sifatida qadrlanib kelinmoqda. Bir zamonlar Yaponiyada bolalarni o‘qimishli qilish uchun kundalik ehtiyojlarga sarflanadigan xarajatlarni tejab, pul jamg‘arish an'anasi mavjud bo‘lgan. Yaponlar bolalariga pul va moddiy boyliklarni emas, bilimni meros qilib qoldirishga harakat qilganlar, aniqrog‘i bolalarga qoldirilishi kerak bo‘lgan pulni ularning zamonaviy ta'lim olishlari uchun sarflab, shu asosda bolalariga mustaqil pul topa olish imkonini qoldirganlar. Bu esa ularga yuksak ijtimoiy mavqeyni ta'minlaydigan davlat lavozimlarida faoliyat ko‘rsatishlarni kafolatlagan. Bugungi kunda Yaponiyada joriy qilingan ta'lim tizimi butun jahonga o‘rnak bo‘larli darajada  taraqqiy etgan. Huddi yurtimizdagi kabi o‘z ichiga boshlang‘ich va o‘rta ta'limni qamrab oluvchi majburiy ta'lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda yaponiyalik bolalarning deyarli 100 foizi qamrab olinadi. Ularning 96 foizi esa 2-bosqich maktab ta'limida tahsil olishadi. Ikkinchi bosqichni tugatgan bolalarning 60 foizi ta'limni kollej, institut va kasb-hunar bilim yurtlarida davom ettirishadi. 

Zamonaviy yapon pedagogikasida ta'lim tizimi bilan uzviy uyg‘unlashgan axloqiy tarbiya tamoyili shakllangan. O‘rta asrlardayoq maktablarda amaliy etikaga e'tibor qaratila boshlangan edi. Ushbu maktablarda xo‘jayinga, mansabdorlarga, oiladagi munosabatda amaliy boshqaruv kishisi qanday bo‘lishi kerakligi haqida tahsil berilar edi. Konfutsiylik aqidalari va buddizm an'analari ta'sirida ta'lim tizimiga nafaqat bilim olish va hunarmandlik ko‘nikmalarini oshirish vositasi, shuningdek, ahloqiy va ma'naviy barkamollikni shakllantirish va shu asosida qat'iy intizomlilik fazilatini yuzaga chiqarish vositasi sifatida qarala boshlandi.

Prezidentimizning 11 yillik ta'limni qayta tiklash, uning qoshida o‘quv-kasb korxonasi tashkil etish zarurligi bo‘yicha bergan taklifi bugungi kundagi kadrlar tayyorlashga qo‘yilayotgan kechiktirib bo‘lmas masalalardan biri sifatida qo‘yildi, deb aytishga barcha asoslar bor. Bizning yoshlarimiz ham jahon standartlaridan kam bo‘lmagan bilimlarni 11 yilda olishadi va o‘sha maktabda bir yo‘la o‘z hududidining talabiga ko‘ra kasb yoki hunar oladi. Bir necha yildan beri Janubiy Koreyaning KOICA agentligi mamlakatimizda yoshlarni texnik yo‘nalishlarda kasbga tayyorlab kelayotgan edi. Yaqinda bunday maktablar barcha viloyatlarda ochilishi e'lon qilindi. Bugun mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investorlarning faol kirib kelayotganini hisobga olsak, kelajakda ular ham o‘z talablaridan kelib chiqib ma'lum yangi kasb va hunarga ixtisoslashgan maktab yoki o‘quv kurslarini tashkil etishadi. Natijada yoshlarimiz, 1 yil vaqtlarini aniq bir soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lishga sarflashadi. 

Xulosa o‘rnida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 11 yillik maktab ta'lim tizimini qayta tiklash borasida bildirgan fikri va hukumat tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar aniq asoslarga ega ekanligi aytishimiz joiz va xorij davlatlar tajribasi bunga yaqqol dalildir.

Tunis Xojiyev, 
O‘zMU tayanch doktoranti

 

Top