08:27 / 23.06.2017
9184

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti dugonasi 3 yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi

Foto: © REUTERS/Kim Hong-Ji

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Pak Kin Xening dugonasi, yirik korruptsion mojaro bo‘yicha gumonlanuvchi Chxve Sun Sil 3 yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi.

Yonhap axborot agentligining ma'lum qilishicha, sud Silni qizi Chon Yu Ra o‘qigan universitetga noqonuniy bosim o‘tkazgani uchun shu muddatga qamashga qaror qildi.

Tergovning aniqlashicha, Chxve Sun Sil prezident bilan aloqalaridan foydalanib, universitet rahbariyatidan o‘z qiziga boshqalarga nisbatan ustunroq munosabatda bo‘lishni talab qilgan. Silga, jumladan, universitet ma'muriyati bilan qizining o‘qishga kirishi bo‘yicha til biriktirish ayblovi qo‘yilgan.

Pak Kin Xening dugonasi shuningdek universitet pedagogik tarkibidan qizining bajarmagan uy topshiriqlari uchun baho qo‘yib berishini talab qilgan.

Ushbu hukm Chxve Sun Silga nisbatan olib borilgan va hozirda sudga topshirilgan bir qator ishlar bo‘yicha chiqarilgan birinchi jazo hukmi bo‘ldi. Sobiq prezidentning dugonasi Janubiy Koreyada o‘tgan yil avj olgan korruptsion mojaro bo‘yicha asosiy gumonlanuvchi bo‘lib qolmoqda.

Tergov taxminicha, Sil hech qanday davlat lavozimlarini egallamay turib, mamlakatni boshqarish jarayonida faol ishtirok etgan va oliy darajadagi siyosiy qarorlar qabul qilinishiga aralashgan.

Mavzuga oid
Top