23:54 / 24.06.2017
32928

Bizlarni bo‘zlatib ketar bo‘lding - alvido... alvido, ey Ramazon!

Bundan bir oy muqaddam bir nur ingan edi. Qalb sokinlashib, nafs isyoni tingan edi. Ona bag‘rida ko‘z yumib, huddi shu issiq bag‘irda ko‘z ochilayotgan edi. Tarang asablar yumshab, iymon ostiga suv qo‘yilgan edi. Hech bir sababsiz ko‘zlarga yosh kelib, ruh qushdek yengil bo‘lgan edi. Bundan bir oy muqaddam Ramazon kirib kelgan edi. Ammo u bizlarni bo‘zlatib ketar bo‘ldi...

Alvido... alvido, ey Ramazon! Alvido... alvido, ey taroveh, tasbeh va xatmi Qur'on oyi...

Nur to‘la kechalarda Qur'on xatmini eshitgan edim. Eshitib qalbim titrab, kimligimni bilgan edim. Ana qo‘shnim, ana amakim, ana tog‘am... tarovehga chiqib, boshimni sajdaga qo‘ygan edim. Qo‘yib turib, Yaratganimni qarshimda ekanligini his qilgan edim. Hozir esa hazin holda tasbeh aytilmoqda...

“Alvada... alvada, yaa shahro ramadoon, alvada... alvada, yaa shahrot-tarooviihi vat-tasaabihi va xotmil-qur'aan”. 

Oilada o‘tuvchi mo‘'jaz iftorliklar qani endi? Otamning umumiy duo qilib, taomlanishni boshlab berishlari qani endi? Onam umid ila Kalomullohni varaqlar edi, hollari ne kechar bo‘ldi? Bizni tashlab ketar bo‘lding, ey Rasulimning sevgan oyi... Sening qadringni bilmadim, qadring bilib dunyoni yelkam osha otolmadim. Sendan bizga bir umid qoldi, tinchlik qoldi, baraka qoldi. Sendan bizga nur qoldi, ko‘kargan iymon va ilinj qoldi. 


Alvido... alvido, ey Qur'on oyi. Alvido... alvido, ey najot va saodat oyi. Biz seni yana kutamiz, yo‘lingda ko‘zimiz, ko‘zda yoshimiz ila kutamiz... Alvido, ey borimiz, borlig‘imiz shahri Ramazon! 

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid
Top