16:22 / 25.06.2017
9587

Tashqi ishlar vazirligi o‘z interaktiv xizmatlarini kengaytirmoqda

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi o‘zining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida E-Navbat elektron navbat tizimini joriy etadi.

2017 yil boshidan beri Tashqi ishlar vazirligining interaktiv portallari orqali O‘zbekiston Respublikasining va boshqa xorijiy davlatlarning fuqarolari tomonidan 267 mingdan ziyod murojaat ro‘yxatga olindi, deyiladi idoraning rasmiy saytida e'lon qilingan ma'lumotda.
 
O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida», «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ish faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarining ijrosi doirasida TIV interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish va xorijiy mamlakatlardagi yurtdoshlarimizga hamda chet el fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam uyushtirish sohasini kengaytirmoqda. Jumladan, vazirlikning rasmiy saytida bizning vatandoshlarimiz uchun muhim bo‘lgan ma'lumotlar o‘z vaqtida chop etib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili», deb e'lon qilingan 2017 yilning yanvar oyida consul.mfa.uz interaktiv konsullik xizmatlari portalining yangi tahriri ishga tushirildi. Endilikda portalda 10 dan ortiq turdagi interaktiv yoki ma'lumot beruvchi xarakterda bo‘lgan konsullik xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, «Shaxsni tasdiqlash va O‘zbekiston Respublikasiga qaytish Sertifikatini rasmiylashtirish», «Doimiy yoki vaqtincha konsullik hisobiga olish» kabi davlat xizmatlari portal yordamida elektron ko‘rinishda olib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, xorijliklarning, jumladan, turistlarning O‘zbekistonga kirish vizalarini rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida E-visa elektron onlayn-arizalarni to‘ldirish tizimi foydalanishga topshirilgan. Mazkur tizim bugungi kunda besh – o‘zbek, rus, ingliz, fransuz va ispan tillarida ish olib boradi.

Hozirda TIV hamkorlar bilan birgalikda E-Navbat — elektron navbat tizimini joriy qilish borasida ish olib borilmoqda. Ushbu tizim O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasida to‘liq nazoratdan o‘tgazilgandan so‘ng respublikaning xorijdagi barcha diplomatik missiyalarining internet-resurslarida o‘rnatiladi. Bu tizim yordamida fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda konsullik qabuliga kirish uchun navbatga yozilib qo‘yishlari mumkin.

Joriy yil mart oyidan boshlab, yuqorida aytib o‘tilgan consul.mfa.uz portalida o‘zbekistonliklar uchun onlayn-maslahat servisi ish ko‘rsatmoqda. Mazkur servis orqali berilgan savollarga Konsullik boshqarmasi tarkibida maxsus yaratilgan guruhning vakolatli xodimlari javob beradilar. Hozirgi kungacha 250 nafardan ortiq murojaatchi bu onlayn-rejimda o‘z savollariga javob olishdi.

5 iyul kuni o‘tkazish rejalashtirilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘zbekistonliklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti doirasida kelib tushgan takliflarga binoan TIV o‘z yurtdoshlariga va xorijliklarga interaktiv xizmat ko‘rsatish texnologiyalarini mukammallashtirib borish jarayonini davom etdirmoqda.

Top