19:08 / 26.06.2017
28422

Koreyaga ishlash uchun ilk bora kelgan o‘zbekistonlik migrantlarda til bilish bo‘yicha jiddiy muammolar mavjud

22 iyun kuni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi delegatsiyasi Inchondagi Xorijiy ishchilarga ko‘maklashish markazi va Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmatining Jangbudagi Bosh mintaqaviy boshqarmasida uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Inchondagi Xorijiy ishchilarga ko‘maklashish markazi Koreya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan mehnat migrantlarini moslashtirish va ularni o‘qitish bilan shug‘ullanadi. Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati esa tonggi musaffolik yurtida ish beruvchilar bilan hamkorlikda mehnat resurslarini rivojlantirish va boshqarishda asosiy vazifani bajaradi.

Koreys tomoni bilan uchrashuv vaqtida o‘zbekistonlik ishchilarning mehnatsevarligi, ochiqko‘ngilliligi, professionalizmi qayd etildi.

Biroq, shu bilan bir qatorda, Agentlik rahbariyatining o‘zbekistonlik migrantlar bilan bog‘liq muammolar haqidagi savollari bo‘yicha, afsuski, so‘nggi vaqtlarda Koreyaga ishlash uchun ilk bora kelgan o‘zbekistonlik migrantlarda koreys tilini bilish yuzasidan jiddiy muammolar mavjudligi ta'kidlandi. Shu bilan birga, ularning ish joyini tez-tez almashtirib, oxir-oqibat noqonuniy ishlashga chiqib ketishayotgani odatiy holatga aylanib borayotgani ham aytib o‘tildi. Koreys tilini yetarli darajada bilmagan holda mamlakatga kirishga urinayotgan mehnat migrantlari sababli kelgusida boshqa o‘zbekistonliklarning Koreyada ishlashi, ular uchun ish o‘rinlari ajratilishida jiddiy muammolar paydo bo‘lmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbariyati koreys tomonini Koreyada ishlashni xohlovchi fuqarolarni saralash, imtihon qilish, o‘qitish va moslashtirish tizimini butunlay o‘zgartirishga ishontirdi. Ular bosqichma-bosqich, muntazam ravishda koreys tomoni talab qilgan darajada imtihon qilinib, shundan keyingina Koreyadan kelgan mutaxassislarga test topshirishini ta'kidlashdi. Mamlakatda bir qator kasb-hunarga o‘rgatish markazlari ish boshlagani, keyingi yillarda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida ana shunday markazlar ochilishi ma'lum qilindi.

Top