21:00 / 29.06.2017
14562

Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanida yosh iste'dodlarga musiqa asboblari sovg‘a qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrifi davomida Katta Qorasuv mahallasida bo‘ldi.

Foto: O‘zA

«Katta Qorasuv» mahallasida istiqomat qiladigan 3 ming 400 dan ortiq aholi orasida turli millat vakillari bor. «Kapital ta'mirlangan mahalla markazi odamlarni o‘zaro yaqinlashtirishga, do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda», — deyiladi O‘zA xabarida.

Fuqarolar yig‘inida mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xizmat xonalari bo‘lib, ular zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, tegishli adabiyotlar bilan ta'minlangan.

O‘zAning yozishicha, turli kitoblar, minglab elektron adabiyotlar bazasiga ega kutubxona aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev mahalla faollari bilan yoshlar tarbiyasi, aholi bandligini ta'minlash, mahallada jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.

Mahalla markazlarida choyxona, novvoyxona, «Go‘zallik saloni», do‘konlar, sport va bolalar maydonchalari bo‘lishi odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezident mahalla hayoti bilan tanishdi. «Kristall» bolalar raqs ansambli a'zolari turli raqslar ijro etdi. Yosh iste'dodlarga musiqa asboblari sovg‘a qilindi.

Mahallada uyushmagan yoshlar bilan ishlashda aniq tizimni yo‘lga qo‘yish, ularni turli yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolishdan asrashda mahalla yetakchi o‘rin tutishi ta'kidlandi.

Aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, voyaga yetmaganlar bilan samarali ishlashi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid
Top