11:29 / 30.06.2017
16501

«Randalangan» maqola yoxud chalajon bo‘lib qolgan matbuot xususida

Bayram kayfiyatingizni buzish niyatida emasmanu ammo bugungi tabriklardan uyalib ketdim. Nima uchun? Chunki bu tabriklarda sha'nimizga aytilgan maqtov va ash'orlarning ko‘pchiligiga loyiq emasmiz. 

Gapim boshida aytib qo‘yay: ha, deb o‘zining «men»i haqida gapiraverar ekan, degan xayolga borib yurmang. Chunki gap faqat mening «men»im haqida. Shul sabab «men»lar haddan ortiq ishlatilib ketsa, aybga buyurmagaysiz.

Avvallari men boshqacha edim. U paytlari mening «men»im tirik edi, o‘zining ovozi, ovozining esa aks-sadosi bor edi. Mening «men»ligim ikki satrimdan ham bilinib turardi. Hozir u chalajon, o‘lgan, desa ham bo‘laveradi. Chunki o‘zim shunday deb hisoblayman. Bu hisoblashlar o‘tgan asrimizda ham bo‘lgan edi. Rossiyaning mustamlakasi bo‘lib, bu istibdodan qutulmoq choralarini qidirmaydigan shaxslarning «men»i o‘z jismlariga, ruhiyatlariga (xuddi ona qornidagi homilaning nobud bo‘lishi kabi) qabrtoshisiz dafn etilgan. Ularni na yaqin birodarlari, na ko‘ngildoshlari eslab, gul ko‘tarib kelishadi. Xullas, tarixda shunday qora kunlar ham bo‘lgan, og‘ayni. Mavzudan chalg‘imaylik. Shukrki, bugun unday emas. O‘sha o‘rganib qolgan gapimiz deymizu, ammo baribir musaffo osmon ostida tinch-totuv hayot kechirmoqdamiz.

Ey, Sen, tinch-totuv yashayotgan bo‘lsang, unda nimaga dod solasan, nelardan ko‘ngling yorishmayapti, deysizmi? Kuyadiganim ham shu-da. Gapni qisqa qilib maqsad-muddaoga o‘tib qo‘ya qolay. Men «men»imning gapiga kirib, jurnalistika fakultetiga hujjat topshirgan edim. Baxtimdan (balki baxtsizligimdan) o‘rgilay, birinchi yildanoq o‘qishga kirib ketdim. Hayajonim jamiki yaxshilik va yomonliklar, mehr-muruvvatlar, fisqu fasod va xunrezliklar jo bo‘lib ketgan dunyoga sig‘mas edi. 

O‘qishni ham bitirdim. Gazetaga muxbir bo‘lib ishga joylashdim. Olayotgan maoshim boshpana uchun ijara puli va yeb-ichib turish uchun zo‘rg‘a yetardi. (Bilasiz, bizning kasbimizda «tushum» degan narsa yo‘q.) Qiyinchiliklar jondan o‘tib, o‘sha bechora jon bo‘g‘zimga kelib, hammasiga qo‘l siltashni, bor-e deb lash-lushimni yig‘ishtirib, qishloqqa qaytishni o‘ylab qolardim. Ammo kasbga bo‘lgan mehr va ishtiyoq bu yo‘ldan qaytarardi. Qishloqdagi ota-onam esa mening shu quruq savlatimdan ham mamnun. Ularning bu yolg‘on-yashiqlarimga ishonib yurganliklarini ko‘rib, vijdonim azoblanardi. 

Muxbirlik faoliyatimning ilk haftalari edi. Bo‘lim boshlig‘imiz qaysidir bayram arafasida mavsumiy maqola tayyorlash topshirig‘ini berdi. Ishga kirishdim. Chin ko‘ngildan harakat qilib, materiallar yig‘dim, suhbatdoshlar topib, suhbat qildim. Yozdim-o‘chirdim, yana yozdim. Xullas, maqola tayyor bo‘ldi. Uni boshqalarnikiga o‘xshamasligini istardim. Chunki u meniki edi. Shu maqsadda maqolani bir o‘qigan insonda tirik taassurot qoldiradigan qilib, o‘zimizning tilda aytganda jaydari uslubda yozdim. 

Materialni topshirganimdan so‘ng bo‘lim boshlig‘imiz uni yeng shimarib «randalash»ga tushib ketdi. Bechora maqola yozilganiga pushaymon bo‘ldi. Maqola ichidagi suhbatdosh amakining gaplariga «osmonimiz musaffo», «mana, 30 nevara, 15 chevara ardog‘ida umrguzaronlik qilyapman», «hokimiyat xabar olib turibdi, hammasi yaxshi», «ko‘ngil xotirjam, tanimiz sog‘» va yana shunga o‘xshash ming yillik iboralar tiqishtirildi. O‘zingiz ayting, qanday qilib ko‘ngli xotirjam bo‘lishi mumkin bu insonning? Uni yaxshi tanirdim va yanada yaxshi tanib oldim bu maqolani yozish chog‘ida. Amakining katta farzandi olamdan o‘tgan, kichik o‘g‘lining turmushi buzilgan edi. Yana bir qator iqtisodiy qiyinchiliklar. Xo‘sh, qanday qilib bu amakining ishlari zo‘r, ko‘ngli xotirjam bo‘lishi mumkin bu vaziyatda?! Men axir uning ko‘nglini yozgandim. 

Bo‘lim muharririning chig‘irig‘idan o‘tgan «maqola» (endi uni maqola deyishga ham til bormay qolgan edi) navbat bo‘yicha bosh muharrir o‘rinbosari tomon yo‘l oldi. U kishi ham materialni rosa «savaladi». Kirish, asosiy qism va yakun - milliy jurnalistikamizdagi asosiy va o‘zgarmas yagona qolipga solindi va «maqola» tayyor bo‘ldi.

Material gazetada bosilib ham chiqdi. Qanchalik xafa bo‘lgan bo‘lsam-da, bir ko‘z yugurtirib chiqdim va maqoladan o‘z «men»imni qidira boshladim. Afsuski, o‘zimning maqolamda o‘z «men»im yo‘q edi. Keyin o‘sha hafta bosmadan chiqqan barcha siyosiy va ijtimoiy nashrlarni yig‘ib, aynan o‘sha bayramga bag‘ishlangan maqolalarni solishtira boshladim. Natija kutilgani va kutganimdek. Deyarli barcha gazetalardagi maqolalar muallifi bitta odam edi. Ha, ha, ularni bir kishi yozgan. Ularda, jumladan, shunday iboralarni uchratish mumkin edi: «yosh avlod e'zozida bo‘lgan», «hokimlik va tashkilotlarning harakatlari samarasi o‘laroq», «keng amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq» «ko‘rilayotgan choralar natijasida» va yana shunga o‘xshash oxiri yo‘q jumlalar edi. Hech bir maqolada yarq etib, muallifning «men»i ko‘rinmas edi.

Talabalik paytlarimiz bir ustozimiz savol bergandilar:

— Ommaviy madaniyatning oxiri nima bilan tugaydi? — deb. Hech kim javob berolmagach, o‘zlari javob bergandilar: — Dunyo aholisini yaratish bilan. Ya'ni, Yer yuzida birorta millat qolmasdan hamma aholi bitta qarash va nafas bilan yashaydi. Bunda milliy qadriyatlardan, o‘zgachalikdan asar ham qolmaydi. 

Bizning jurnalistikamiz, xususan, matbuotimiz (ba'zi nashrlarni inobatga olmaganda) hozir shunday ahvolda. Butun matbuot bo‘ylab bitta yagona jurnalistik uslub va shakl mavjud. Bunda na o‘zgachalik, na yangicha yondashuv bor. Tag‘in o‘zimiz odamlar gazeta o‘qimay qo‘ydi, deb arz-hol qilib qo‘yamiz. Tuzuk-quruq narsa yozmaganimizdan keyin bechora xalqda nima ayb? Axir bu xalq nima yozsak ham o‘qish majburiyatini olmagan bo‘lsa. Obuna deysizmi? Qo‘ysangiz-chi, bilamiz-ku qanday obuna bo‘lishlarini. 

Prezidentimiz bir yig‘ilishda TV faoliyati, xususan, «Axborot», «Tahlilnoma», «Davr» informatsion dasturlarini tanqid qilganidan so‘ng sohada anchagina o‘zgarishlar sodir bo‘ldi (Sallani olib kel, desa, kallani olib kelgan ba'zi bir holatlarni inobatga olmaganda, albatta). Xo‘sh, endi Prezident qachon bizni tanqid ostida olar ekan, deb kutib o‘tiraveramizmi yo ishga kirishamizmi, «men»ini yo‘qotib qo‘ygan matbuot rahbarlari, jurnalistlar,  o‘rtoq hamkasblar. Agar shuni kutib o‘tirgan bo‘lsak, xalqning bizga bo‘lgan ishonchidan nom-nishon ham qolmaydi. Chunki TVdagi o‘zgarishlar davlat rahbarining tanqididan keyin o‘zgargani soha vakillari, mutaxassislar bu kabi kamchilik va soxtakashliklarni shu paytgacha ko‘rmaganmi, anglamaganmi, degan o‘yni xalqimiz onggida shakllantirib bo‘ldi. Agar biz ham shunday kutadigan bo‘lsak, xalq oldidagi shundoq ham yo‘q hurmatimizni yana bir bor yo‘qotib qo‘yishimiz tayin. 

Aytmoqchi bo‘lganim: jurnalistlar, do‘stlar, hurmatli zamondosh, keng va katta o‘zgarishlar zamonida yashayapmiz. Bizning eskicha uslubimiz o‘zimizni-da zeriktirib yubordi. Yangilanaylik! Har bitta nashrning va jurnalistning «men»ini tiriltiraylik. Toki odamlar imzosiz va nashr nomisiz keltirilgan materiallarning ham mualliflarini tanib oladigan bo‘lsin. Belni mahkam bog‘laydigan vaqt o‘tib ketganiga ham ancha bo‘ldi. Hechdan ko‘ra kech, deb otni qamchilaylik. «Men»imiz tirilganida yorug‘ yuz bilan ko‘rishishni tilab qolaman sizga.

Mavzuga oid
Top