09:24 / 30.06.2017
10269

Rossiya Federatsiyasida migrantlar uchun bepul gazeta nashrdan chiqdi

Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun o‘zbek va rus tillaridagi bepul “MIGRANT” gazetasining nishona soni nashrdan chiqdi.

www.migrant.mobi  - migrantlar uchun axborot-xizmat portali nashri hisoblangan “MIGRANT” gazetasining nishona sonida Rossiyada mehnat qilib yurgan vatandoshlarimiz uchun mo‘ljallangan qiziqarli va foyda ma'lumotlar o‘rin olgan. Xususan, shu yilning 1 iyunidan Rossiya Federatsiyasi hududida chet el haydovchilik guvohnomalari bilan mehnat faoliyatini amalga oshirish taqiqlandi. Ushbu taqiqdan so‘ng RFda shaxsiy avtomobil, yo‘nalishli taksi, avtobus, tijoriy transport vositalarini haydab yurgan yurtdoshlarimizda qator savollar paydo bo‘ldi. Qaysi hollarda milliy guvohnomalardan foydalanishga ruxsat beriladi, qaysi biri tezroq: milliy haydovchilik guvohnomasini Rossiyanikiga almashtirishmi yoki avtomaktabda o‘qish Gazetada shu kabi savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javob berilgan.

Shuningdek, ko‘plab o‘zbekistonliklar Rossiyada ishlash va yashash uchun zarur bo‘lgan registratsiyadan o‘tish, patent olish borasida ham ko‘plab savollarga duch keladi. Eng yomoni, bu borada zarur ma'lumot va tajribaga ega bo‘lmagan ayrim fuqarolarimiz firibgarlar tuzog‘iga ilinib qolmoqda. Natijada ko‘pgina vatandoshlarimiz O‘zbekistonga deportatsiya qilinib, Rossiyaga kirish huquqidan mahrum etilmoqda. “MIGRANT” ushbu masalaga e'tibor qaratib, ko‘pchilik uchun tushunarli, sodda tilda, surat va infografikalardan foydalangan holda ma'lumotlar taqdim etdi.

Shuningdek, ushbu bepul gazeta orqali chet elliklar uchun bo‘sh ish o‘rinlari haqida e'lonlar berayotgan Yagona Migratsiya Markazi faoliyati, ko‘rsatilayotgan boshqa xizmatlar haqida ham batafsil ma'lumotlar berilgan.

Rossiyaga ilk marta borib, rus tili imtihoniga tayyorgarlik ko‘rayotganlar esa test namunalaridan foydalanib, bilimlarini sinovdan o‘tkazishlari mumkin.

Yana bir muhim ma'lumot. Rossiya hududida turli ko‘ngilsiz vaziyatlarga tushib qolgan chet elliklarga «Migratsiya XXI vek»fondi tomonidan bepul huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Gazetada ushbu fond faoliyati, qanday holatlarda yordam so‘rab murojaat qilish mumkinligi, bog‘lanish uchun raqam va ma'lumotlar berilgan.

Gazetani Moskva va Moskva viloyatidagi migratsiya markazlari, Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limi oldida, "LeksMobayl" yuridik markazi, o‘zbek milliy taomlari choyxona va kafelari va boshqa yerlardan topish mumkin.

Undan tashqari, gazetaning elektron versiyasini http://migrant.mobi/  saytidan pdf formatda ko‘chirib olish mumkin.

Mavzuga oid
Top