15:50 / 30.06.2017
17872

Jazoir O‘zbekistonga o‘z bozorini taklif qilmoqda

1992 yilning 30 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi va Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi diplomatik aloqalarni o‘rnatish haqidagi Bayonnomani imzolashdi. Bu tarixiy sanaga 25 yil to‘lgani munosabati bilan Jazoirning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nosir Busherit “Jahon” AA muxbiri bilan suhbatlashdi.

Uning aytishicha, Jazoir O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat 1993 yilning dekabrida Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan. 

“Bizning davlatlar bitta musulmon sivilizatsiyasiga tegishli va bir xildagi madaniy hamda ma'naviy merosni baham ko‘rishadi. O‘tgan yillar davomida Jazoir va O‘zbekiston o‘zaro manfaatli hamkorlikning qalin asoslarini o‘rnatishdi”, - deydi elchi.

Aytilishicha, 2016 yilning oktabrida Toshkentda imzozlangan ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida hamkorlik va siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi Bayonnoma munosabatlarda yangi sahifani ochdi. Bu hujjatning amalga oshirilishi, davlatlar o‘rtasidagi aloqalarning ko‘payishi va iqtisodiyotning turli sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun katta istiqbollarni yaratadi.

“Mamlakatlarimizning geografik joylashuvi bilan bog‘liq murakkabliklarga qaramay, Jazoir va O‘zbekiston juda katta salohiyatga ega, undan albatta foydalanish kerak. O‘zbekiston Jazoirning Markaziy Osiyodagi muhim sherigi hisoblanadi. Jazoir, masalan, O‘zbekistonga aholisi 40 million kishilik bo‘lgan katta bozorni taklif qilishi hamda geografik omillarni e'tiborga olgan holda bizning mahsulotlarning Afrika va Yevropa bozorlariga kirishi bo‘yicha harakatlar dasturini birgalikda ishlab chiqish mumkin”, - deydi Jazoir elchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham juda faollashgan. Bu Jazoir madaniyati va san'ati vakillarining har ikki davlatda tashkil etiluvchi madaniy tadbirlardagi ishtiroki bilan bog‘liq.

“Jazoir O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashga katta e'tibor qaratmoqda. Nuqtai nazarlarning mos tushishini Jazoir va O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati Kontseptsiyalarida ko‘rish mumkin. Ular boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, xalqaro huquq va BMT tizimining ustuvorligi, muloqotni mustahkamlash hamda xalqaro muammolarni hal etishda tinch vositalardan foydalanishga asoslangan”, - degan elchi.

Top