11:49 / 01.07.2017
120482

FVV O‘zbekistonda tarqalgan zaharli ilonlar haqida ma'lumot berdi

Ilonlar o‘ziga xos tana tuzilishiga ega bo‘lgan, o‘lchami 20 sm dan 10 m gacha yetadigan hayvondir. 2700 ga yaqin turi ma'lum. Tanasi har xil yo‘g‘onlikda bo‘yiga cho‘zilgan. Dumi hamisha tanasidan kalta. Oyog‘i bo‘lmaydi. O‘ziga xos ajoyib harakatlanish usuli, xatti-harakatlari, zahar tishlari va harakatsiz tik qarab turishi tufayli ilonlar haqida kanchadan-qancha ertak va afsonalar to‘qilgan hamda ko‘p xalqlar orasida ilondan qo‘rqish hissi paydo bo‘lgan, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati. 

O‘rta Osiyo kobrasi

Kobra — O‘zbekistondagi yirik zaharli ilonlardan biridir.  Tanasining uzunligi 125 sm, dumi 45 sm gacha. Rangi tana rangidan to‘q sariq, qo‘ng‘ir yoki qoragacha kuchli darajada o‘zgarib turadi. O‘zbekistonda kobra faqat Bobotog‘da, Hisor tizma tog‘larining tog‘ oldilarida va Surxondaryo vodiysida nisbatan ko‘proq uchraydi. Qarshi dashtida birmuncha kamroq, Zarafshon va Nurota tizma tog‘larida esa undan ham kam uchraydi.

Sharqda uchraydigan eng so‘nggi punkti — Xovos atroflaridir. Hatto Bobotog‘da ham bir kunda ikkitadan ortiq ilon uchratish qiyin, odatda, ekspeditsiyalar vaqtida kamdan-kam, ya'ni bir oyda bitta kobrani uchratish mumkin. O‘zbekistonda kobra quruq yon bag‘irlarda, kemiruvchilar inida yashaydi. Vodiylarda va aholi yashaydigan punktlarda kamdan-kam uchraydi. 

Dasht zaharli qora ilon (gadyuka)

Sirdaryo bo‘ylarida ko‘pincha uncha katta bo‘lmagan ilon — dasht zaharli qora iloni uchrab turadi. Tanasining uzunligi 55 sm cha, dumi qisqa 4—6 sm. Usti qo‘ng‘irsimon-kul rang, orqa cho‘qqasi bo‘ylab to‘q rangli egri-bugri yo‘li bor, ba'zan u uzuq-uzuq yoki dog‘lardan iborat bo‘ladi. Respublikada Chirchiq vodiysida Xo‘jakentdan Chinozgacha bo‘lgan joylarda, Sirdaryo vodiysida Xovosdan pastroqda ko‘proq, Chotqol tizma tog‘larida Parkent, Chimyon va Xumson yaqinida esa kamroq uchraydi. Daryo vohalaridagi chingil va sho‘ra o‘tlar ko‘p o‘sadigan ko‘llarning qirg‘oqlarida, sholipoyalar marzalarida ko‘proq yashaydi. Kemiruvchilarning iniga kirib yashirinadi. Tog‘lardagi yaproqli o‘rmonlar zonasida kam uchraydi.

Charxilon (efa peschannaya)

Charxilon uncha katta bo‘lmaydi. Tanasining uzunligi 86 sm, dumi qisqa — 7,5 sm gacha boradi. Usti qo‘ng‘ir-kul rang yoki qum rang bo‘ladi. Qiyshiq joylashgan yon tangachalari orqadagilariga qaraganda to‘qroq bo‘ladi. O‘zbekistonda charxilon Termiz atroflari va Qorasuv hamda Surxondaryodagi sog‘ tuproqli cho‘llarda juda ko‘p. Surxondaryo vodiysi bo‘ylab Sho‘rchi va Bobotog‘ tog‘ etaklari atroflarigacha tarqalgan. Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlarida va Qizilqum cho‘lida ancha kam uchraydi. Bu ilon asosan sog‘ tuproqli va qumli cho‘llar, daryo vohalaridagi jarliklar, ko‘hna xarobalarda yashaydi. Goho u quruq yon bag‘irlarda yashaydi.

Qalqontumshuq ilon (shitomordnik)

Toshkent va Samarqand viloyatidagi tog‘larda va Qoraqalpog‘istondagi tekisliklarda qalqontumshuq ilon yashaydi. Bu respublikada tarqalgan birdan-bir chinqiriq yoki shaqildoq ilondir. Tanasining uzunligi 68 sm gacha, dumi qisqa 4—8 sm bo‘ladi. Ustida to‘q rangli ko‘ndalang dog‘lari bor. Qalqontumshuqning tipik yashash joylari shimolda - tuproqli va qumli cho‘llardir. Janubda u baland tog‘lardagi archazor o‘rmonlarda va tosh uyumlari bo‘ylab alp o‘tloqlarigacha (3200 m va undan balandroq) uchraydi. 

Kulvor ilon

Ko‘lvor ilon ancha yirik bo‘ladi, yo‘g‘onligi odamning bilagidek keladi. Tanasining uzunligi 160 sm cha, dumi esa 20 sm dan ortiq emas. Eng og‘ir ko‘lvor ilonning massasi 3 kg cha keladi. Usti och yoki to‘q kul rang, sarg‘ish yoki jigarrang tusli. O‘zbekistonda Turkiston tog‘ oldilarida (Xovos), Nurota, Zarafshon tizma tog‘lari, Ko‘hitang va Hisor tizma tog‘lari etaklarida uchraydi. Bu ilon kobraga nisbatan ancha ko‘p tarqalgan. Zarafshon tizma tog‘i va Nurota tog‘larining ba'zi joylarida bahorda kuniga beshtagacha, ba'zan esa undan ko‘p ko‘lvor ilonni uchratish mumkin. Ko‘lvor ilon tog‘larda, tog‘ oldilarida va tog‘larning atroflaridagi vodiylarda yashaydi. Qishloqlarda va tog‘ etaklaridagi bog‘larda, buloqlarning bo‘yida, tog‘lardagi tosh uyumlari orasida ko‘p uchraydi. 

O‘rta Osiyo kobrasi, qora ilon va charx ilonlar zaxari asosan nafas markazlariga ta'sir ko‘rsatsa, ko‘lvor va qalqontumshuq ilonlar zaxari yurak qon aylanish tizimiga ta'sir qiladi.

Agar sizni zaharli ilon chaqsa, darhol jarohatni qo‘lingiz bilan siqib chiqaring yoki og‘zingiz bilan so‘rib tashlang. Ilonning zahari so‘lak ta'sirida qisman parchalanadi va odam og‘zi orqali hech qachon, hatto buzilgan tishi bo‘lgan taqdirda ham zaharlanishi mumkin emas. Qonni 5-8 minutdan ortiq so‘rib yoki siqib chiqarish mumkin emas. Shundan keyin margantsovka, sirka yoki sodali suvga ho‘llangan bint yoki paxta bosish kerak. Jarohatlangan odam suv, limonad, sut, kofe ichishi, tarvuz yeyishi foydali.

Top