10:48 / 01.07.2017
4489

Rossiya Qirg‘iziston fuqarolariga milliy haydovchilik guvohnomasi bilan ishlashga ruxsat berishi mumkin

Rossiya Davlat dumasining MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi quyi palata hukmiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga kelib tushgan muroojaatni ko‘rib chiqish taklifini kiritdi. Murojaatda Qirg‘iziston fuqarolariga milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalari asosida yuk tashish sohasida ishlashga ruxsat berish iltimos qilingan.

Hujjat mualliflarining eslatishlaricha, Rossiyada 1 iyuldan boshlab transport vositalarini boshqarish bilan bevosita bog‘liq tadbirkorlik va mehnat faoliyatini oshirishda xorijiy milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalari asosida transport vositalarini boshqarishga taqiq joriy etiladi.

«Trasnsport vositalarini boshqarish bilan bevosita bog‘liq tadbirkorlik va mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiya haydovchilik guvohnomasini olish zaruriyati asosan haydovchilar — xorijiy davlat fuqarolarining rus tilini yetarli darajada bilmasliklari tufayli yuzaga kelgan. Bu federal qonun ta'siri ostiga Qirg‘iziston fuqarolari ham tushadi», — deyiladi hujjat loyihasida. 

Loyiha mualliflari Qirg‘iziston konstitutsiyasida rus tili rasmiy til sifatida belgilab qo‘yilganiga e'tibor qaratishmoqda. «Bu holat Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolarining rus tilini yaxshi o‘zlashtirishlari, jumladan, shu tilda yo‘l harakati qoidalarini o‘rganishni ham nazarda tutadi», — deyiladi hujjatda. 

«Yuqoridagilarni hisobga olib, muhtaram Vladimir Vladimirovich, Davlat dumasi deputatlari sizga Qirg‘iziston fuqarolariga Rossiya Federatsiyasida milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalari asosida tadbirkorlik yoki mehnat faoliyatini amalga oshirishda transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqishni iltimos qilib murojaat qilishmoqda», — deyiladi hujjat loyihasida.

Mavzuga oid
Top