01:10 / 01.07.2017
12934

Shavkat Mirziyoyev: "Kamolot"ning aksariyat a'zolari u to‘g‘risida aniq tasavvurga ega emas

Foto:uza.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida tashkilot faoliyatidagi kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi. 

"Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda “Kamolot”ning 4 millionga yaqin a'zosi bor. Bu mamlakatimizdagi 10 milliondan ziyod yigit-qizlarning 40 foizini tashkil etadi.

Bir qarashda, 4 million – salmoqli raqam bo‘lib ko‘rinadi. Lekin xolisona aytganda, tashkilotga a'zolik ko‘p hollarda faqat qog‘ozda mavjud, amalda esa aksariyat a'zolar “Kamolot” to‘g‘risida aniq tasavvurga ega emas, uning maqsad va vazifalarini bilmaydi, o‘z yetakchilarini tanimaydi, Harakat faoliyatida ishtirok etmaydi.

Natijada yurtimizdagi minglab yoshlar, ayniqsa, qishloq joylarda nafaqat “Kamolot”ning, ayni vaqtda davlat va jamiyatning e'tiboridan chetda qolmoqda. Ular bilan hech kim deyarli shug‘ullanmayapti, ular o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, desak, achchiq haqiqatni tan olgan bo‘lamiz.

Buning oqibatida uyushmagan, ya'ni, ishlamaydigan, o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, salbiy ta'sirlarga beriluvchi yoshlar soni ortib bormoqda.

Yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolish holatlari ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda.

2016 yilda yoshlar ishtirokida 1 million 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani, yosh oilalar o‘rtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak.

Albatta, bu borada hamma aybni faqat “Kamolot”ga yuklab qo‘yish adolatdan emas. Bu masalada mahalliy hokimliklar, ichki ishlar bo‘limlari, prokuratura, sud, mahalla idoralarining ham aybi bor.

Ayni vaqtda bu masalada yoshlar bilan doimo hamnafas, hamfikr bo‘lib yashashi, ishlashi kerak bo‘lgan “Kamolot” va uning joylardagi bo‘linmalarining mas'uliyati ko‘proq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

“Kamolot” faoliyatidagi bunday kamchiliklarning albatta obektiv va sub'yektiv sabablari bor.

Obektiv sabablar shundan iboratki, biz o‘z vaqtida “Kamolot”ni jamoat tashkiloti sifatida tuzib, lekin undan katta bir vazirlik vazifasini talab qila boshladik. Unga juda keng, ulkan vazifalarni topshirdig-u, ammo ularni bajarish uchun zarur huquqiy va amaliy vakolatlar, tegishli imkoniyat va imtiyozlar yaratib berish haqida, afsuski, yetarlicha bosh qotirmadik.

Oqibatda “Kamolot” yoshlar hayoti bilan bog‘liq hamma narsaga javob beradigan va ayni paytda hech narsaga javob bermaydigan, mo‘rt va zaif bir tuzilmaga aylanib qolganini bugun qanchalik og‘ir bo‘lmasin, e'tirof etishimiz kerak.

“Kamolot” faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan sub'yektiv sabablar haqida gapirganda, uning aksariyat rahbarlari va xodimlari tomonidan ishga rasmiyatchilik bilan, yuzaki va loqayd munosabatda bo‘lish, maishatga, ichkilikbozlikka berilish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilayotganini ham afsus bilan qayd etish lozim.

Men bugungi anjumanda “yoshlar yetakchisi” degan yuksak nomga mutlaqo yarashmaydigan bunday noxush holatlar haqida gapirib, sizlarni xijolatga qo‘yish fikridan yiroqman.

Sizlar qurultoy majlislarida bu masalalarni ham muhokama qilib, ularga tegishli baho berasizlar, deb o‘ylayman.

Afsuski, biz “Kamolot”ni yoshlarimiz chin dildan intiladigan, samarali faoliyat olib boradigan, zamonaviy kuchli bir tashkilotga aylantirish uchun o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rmadik. Buni ochiq tan olishimiz va zarur xulosa chiqarishimiz kerak.

Men bu gaplarni osmondan olib emas, aniq faktlardan kelib chiqib aytyapman.

Mana, Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bilan tanishib ko‘ringlar. Ularning aksariyati “Bizni hech kim eshitmaydi”, “Bizni hech kim tushunmaydi”, “Biz bilan hech kim qiziqmaydi”, “Rahbarlar o‘zini o‘ylash bilan ovora” degan mazmunda yozilgan. Yoshlarga, ularning tashvish va muammolariga ana shunday mensimasdan qarash holatlari, afsuski, haqiqat.

Biz yoshlarga mana shunday bepisand, begona munosabatda bo‘lsak, oqibati nima bo‘lishi aniq – ular ham bizdan begonalashadi. O‘qishdan, ishdan, jamiyatdan, davlatdan, boringki, hayotdan ko‘ngli sovib, xalqimiz iborasi bilan aytganda, qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga uradi.

Bu haqda gapirganda, nafaqat joylarda, balki Harakatning markaziy idorasida ham mehnat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan malakali kadrlarning yetishmasligi jiddiy muammo bo‘lib turganini ta'kidlash lozim. Buning asosiy sabablaridan biri shundaki, tizimda ishlayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yetarlicha e'tibor berilmayapti.

O‘rtacha oylik ish haqi 800 ming so‘mni tashkil etayotgani uchun ularning aksariyati oylik maoshi katta bo‘lgan boshqa ishlarga o‘tib ketyapti. Buning ustiga, ko‘pgina viloyat va tumanlarda “Kamolot” tashkilotlari uchun binolar yetishmasligi, ularning moddiy-texnik bazasi nochorligi, zarur mebel va inventarlar, aloqa va tashkiliy texnika vositalari bilan yetarlicha ta'minlanmagani, xizmat mashinalari yo‘qligi ham ishga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Misol uchun, hududiy bo‘linmalarning 81 tasi mahalliy hokimliklar binosida, 96 tasi turli korxona va muassasalar binosida joylashgan. Bu o‘z-o‘zidan yoshlarning o‘z tashkilotiga erkin kirib-chiqishini qiyinlashtirmoqda.

Top