11:36 / 01.07.2017
13655

Taniqli professor: «Binolarni qurishda zilzilaga bardoshlilik ikkinchi darajaga qo‘yilmoqda»

Foto: Gazeta.uz

Toshkent arxitektura-qurilish institutining “Qurilish mexanikasi va inshootlar seysmobardoshligi” kafedrasi professori, texnika fanlari doktori Qobul Abdurashidov 18 ta kitob va 300 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Professor Gazeta.uz bilan suhbatda bir qator qiziq savollarga javob qaytardi.

Foto: Gazeta.uz

Uning aytishicha, zilzilalarni avvaldan bashorat qilishda forshoklar muhim o‘rin tutadi. Biroq bugungi kunda yer silkinishini aniq bashorat qilish imkonsiz, hamda buning uzoq muddatli istiqbolda imkoniyati bo‘lmaydi. Zilzila jarayonining o‘zi juda murakkab jismoniy hodisa bo‘lib, uni modellashtirish mushkul. Shu bilan birga, tabiiy ofatlar statistikasi tahlili zilzilalar soni ko‘payib borayotganini ko‘rsatdi. Bu seysmik faollikni modellashtirish, bashorat va monitoring qilish bo‘yicha maksimal darajada samarali uslublarni ishlab chiqishni talab etadi. Yaponiya, Italiya, Gretsiya va AQShda yuzlab laboratoriya hamda ilmiy markazlar bu muammo ustida ishlamoqda.

Professorning so‘zlariga ko‘ra, XXI asrda yirik shaharlar va aholi zich joylashgan mintaqalardagi kuchli zilzilalar barqaror rivojga tahdid sanaladi. Ayniqsa u demografik o‘sish, urbanizatsiya, infratuzilmalar zichlashishi hamda yirik inshootlarning ko‘payishi tufayli katta xavf tug‘diradi. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston seysmik faol hudud hisoblanib, yuqori seysmik xatar zonasida joylashgan. Bundan tashqari, mamlakat aholisining 80 foizga yaqini seysmik xatar zonasida yashaydi. Ko‘plab yirik sanoat obektlari Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi seysmik xavfga ega zonalarda joylashgan.

Foto: Gazeta.uz

Uning aytishicha, seysmik stansiyalar ishi sifati va sonini jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Bu stansiyalardagi uskunalarning aksariyati eskirgani aytildi.

“Bizning davlat uchun fuqarolik va sanoat obektlari, jumladan turar joy uylari seysmobardoshligini yaxshilash muhim vazifa sanaladi. Afsuski, so‘nggi 10-15 yilda iqtisodiyotimizning arxitektura-qurilish sohasida bunday ko‘rsatkichlarning yomonlashishi kuzatilmoqda. Turli konstruksiyalar va binolarni loyihalashtirish hamda qurishda seysmobardoshlik ikkinchi darajaga qo‘yilmoqda. Binolar hamda boshqa inshootlar seysmobardoshligini baholash bo‘yicha aniq, samarali tizim hamda javobgar tashkilotlar bo‘lishi lozim. Bu ehtimoliy kuchli zilzilalardan xavfli buzilishlar xatarlarni samarali boshqarish imkonini beradi”, - deydi Qobul Abdurashidov.

Uning aytishicha, respublikada seysmologiya bo‘yicha kadrlar tayyorlashga oid manzilli dastur yo‘q. Binolar seysmobardoshligi bo‘yicha kadrlar faqatgina TAQIda tayyorlanadi. Biroq o‘quv laboratoriyalari uchun zamonaviy asbob-uskunalarning yo‘qligi sabab, o‘quv jarayoni sifatini yaxshilash talab etiladi. Shuningdek, respublikadagi ilmiy uskunalar juda eskirgani aytildi. Bu borada rivojlangan davlatlardan 30-35 yilga ortda qolinayotgan ekan.

Bundan tashqari, ma'lum qilinishicha, seysmologiya va binolar seysmobardoshligini baholash bo‘yicha zamonaviy uskunalarga ega yagona markaz faqatgina Turin politexnika universiteti huzuridagi seysmologiya va binolar seysmobardoshligi Markazidir. Biroq, u asosan o‘quv maqsadlarida ishlatilishi aytildi.

Top