11:30 / 03.07.2017
19929

Cuv turlicha ikki suyuqlikka ajratildi

Biz shu paytgacha suvni ma'lum bir struktura doirasida tez-tez harakat qiluvchi molekulalarning tartibsiz to‘pidan iborat, deb bilardik. Biroq Stokholm universiteti olimlari bu suyuqlikning tuzilishi va zichligi jihatidan keskin farqlanuvchi ikki turli fazasiga duch kelishdi. Ularning natijalari rengen nuralaridan foydalanib o‘tkazilgan tajriba tadqiqotlariga asoslangan va milliy akademiya ishlari (PNAS) jurnalida e'lon qilindi.

Aksariyatimiz suv Yer sayyorasida mavjudligimiz uchun eng zarur ne'mat ekanligini bilamiz. Lekin suvning boshqa suyuqliklarda uchramaydigan juda g‘alati xossalari ham borligidan ko‘pchiligimiz bexabarmiz. Masalan, erish harorati, zichligi, issiqlik sig‘imi kabi umumiy hisobda suvning 70 ga yaqin xossasi borki, uni boshqa suyuqliklardan farqlab turadi. Darvoqe, ana shu anomal xossalar Yerda hayot paydo bo‘lishiga tamal toshi ham bo‘lgan.

«Yangi xossa shunisi bilan ham e'tiborliki, suv past haroratlarda, endi muz kristallashayotganida turlicha ikki suyuqlik holatida bo‘lishi aniqlangan», deydi Stokholm universiteti kimyoviy fizika professori Anders Nilsson. Suvni anglash yo‘lidagi bu ilg‘orlik Chikago yaqinidagi Argonn milliy laboratoriyasida rentgenografiyadan foydalanib o‘tkazilgan bir qator tadqiqotlar majmuasidan so‘ng yuzaga keldi. Shuningdek, Hamburgdagi DESY katta rentgen laboratoriyasida suvning dinamikasi ustida tadqiqot olib borilgan hamda uning har ikki fazadagi suyuq holati namoyish etilgan. Ha, suv haqiqatdan ham mutlaqo ikki xil suyuqlik shaklida bo‘lishi mumkin ekan.

Bu yangi natijalar suvning nafaqat turli haroratlar va bosimlardagi holati haqida, shuningdek, unga hayot uchun zarur turli tuzlar va biomolekulalar qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida umumiy tasavvur hosil qilishda ko‘mak beradi. Bundan tashqari, suv haqida qanchalik ko‘p ma'lumotga ega bo‘lsak, kelajakda uni tozalash va chuchuklashtirish borasida shunchalik ko‘p narsani anglaymiz. Bu esa ana shunday muammolarni bizga tahdid solib turgan global iqlimiy inqiroz fonida yechish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Top