12:00 / 04.07.2017
13915

Janubiy Koreya terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh–2018 turniriga saralash bosqichidagi raqibi – Janubiy Koreya termasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi.

Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Shin Taye Yong terma jamoa bosh murabbiyiga aylandi. Koreyalik 46 yoshli mutaxassis bunga qadar Janubiy Koreya U-20 terma jamoasiga ustozlik qilib kelayotgan edi.

Futbolchilik faoliyati davomida yarim himoyachi ampluasida to‘p surgan Shin Taye Yong milliy terma jamoa safida 23 o‘yin o‘tkazib, 3 ta golga mualliflik qilgan. Murabbiylik faoliyatida u “Brisben Roar” (Avstraliya, 2005–2008), “Seongnam Inxva Chunma” (2009–2012) klublarida murabbiy yordamchisi, bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi, bosh murabbiy lavozimlarida ishlagan. 2014–2016 yillarda Shin Taye Yong Janubiy Koreya milliy terma jamoasi bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi va bosh murabbiy assistenti bo‘lgan.  

Shuningdek, Shin Taye Yong 2015–2016 yillarda Janubiy Koreya olimpiya termasi, 2016 yildan bugungi kunga qadar Janubiy Koreya U-20 termasi bosh murabbiyi lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyi o‘rtalarida Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi JCh–2018 saralashidagi qoniqarsiz natija tufayli germaniyalik mutaxassis Uli Shtilikeni bosh murabbiy lavozimidan ozod etgandi.

Ma'lumot uchun, 31 avgust kuni Janubiy Koreya termasi o‘z maydonida Eron bilan kuch sinashsa, 5 sentabr Toshkentda O‘zbekistonga qarshi bahs yuritadi.

Top