09:27 / 05.07.2017
4959

WSJ: Amerika davlat departamenti xodimlari rahbariyatidan norozi

Foto: Getty Images

AQSh davlat departamenti (tashqi ishlar vazirligi) va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining minglab xodimlari idoralari kelajagi hamda AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘qligidan tashvishda. Bundan tashqari, davlat kotibi Reks Tillerson ham xodimlarga e'tiborsiz, deb yozadi The Wall Street Journal nashri konsalting firmasi hisobotiga asoslangan holda. 

Gazetaning yozishicha, hisobot 5 iyul kuni xodimlar orasida tarqatilishi kerak. Ta'kidlanishicha, u davlat organi byudjyeti keskin qisqartirilgan sharoitda davlat departamentini qayta shakllantirishga urinayotgan AQSh davlat kotibi uchun maxsus tayyorlangan. 

Davlat departamenti va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining 35 mingdan ortiq xodimlaridan aksariyati idoralar ishidan noroziliklarini izhor qilishgan hamda Tramp ma'muriyati va Tillerson rahbarligi yuzasidan xavotirlarini ma'lum qilishgan. 

"Odamlar o‘zlariga savol berishmoqda: ushbu ikki guruh AQSh manfaatlarini ilgari surishda davlat departamentining muhim rolini anglashadimi?", — deyiladi hisobotda. Tadqiqotda, shuningdek, "odamlar kelajak xususida ishonch bilan gapirishmayapti", deb ta'kidlangan. "Bu borada aniq dastur yo‘qligi turli mish-mishlar ko‘payishiga hamda oldinda ularni nima kutib turgani borasida xavotirlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda", — deyiladi hujjatda. 

Gazetaga ko‘ra, davlat departamenti xodimlari byudjyetni qisqartirish va xodimlarni ishdan bo‘shatish rejalari bo‘yicha vahima ko‘tarishmoqda. 

Xabarlarga qaraganda, 110 sahifali hisobot uchun davlat departamenti Insigniam konsalting firmasiga 1,1 million dollarga yaqin mablag‘ to‘lagan. Umuman, tadqiqotda ikki idoraning 35386 xodimi qatnashgan. Ularga Tillersonga "bevosita" murojaat qilish tavsiya qilingan. 

Top