17:10 / 06.07.2017
75102

Qay biri afzal: 11 yillik majburiy ta'limmi yoki 9+3 formati?

Keyingi paytlarda aksariyat ota-onalar xayolida turfa savollar g‘ujg‘on o‘ynamoqda: 11 yillik majburiy ta'limga o‘tilsa, buning istiqboli qanday bo‘ladi?

Albatta, bu darhol amalga oshadigan jarayon emas. Qolaversa, muhtaram Yurtboshimiz bu tizim istiqboli va samarasini avvaldan cho‘tlab-chamalab olish uchun ayrim umumta'lim maktablarida eksprement o‘tkazishni tavsiya etmoqda. Shuningdek, ota-onalarning fikr-mulohazalariga alohida ahamiyat berishni ham ta'kidlayotirki, shu bahonada ko‘ngilda tug‘ilgan ayrim savollarni o‘rtaga tashlasak, birov bizni aybga buyurmas.

Ma'lumki, O‘zbekistondagi majburiy ta'lim tizimining formati shunday: 9+3. Jaydari tilda aytsak, farzandlarimiz avval to‘qqiz yil umumta'lim maktabida tahsil oladi, so‘ng uch yil o‘rta-maxsus kollejida! Majburiy ta'lim 12 yilni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, ayrimlar aytishmoqdaki,  majburiy ta'lim 11 yillikka qaytilsa, o‘quvchi bir yil yutishi mumkin. 

Xo‘sh, o‘rtadagi farq  – 1 yil farzandlarimiz uchun yutuqmi?

Bizningcha, yo‘q! Birinchidan, uzoqqa bormaylik, MDHga a'zo davlatlarning aksariyatida majburiy ta'lim 12 yil ekani ma'lum. Bu tizim allaqachon o‘zini oqlagani bois rivojlangan davlatlarda ham qo‘llanib kelinadi. Dunyoda integratsiya masalasi kundan-kun kuchayib borayotgan bugungi kunda ijtimoiy hayotning muhim bo‘lagi hisoblanmish ta'lim tizimi 11 yillik tizimga  o‘tilishi qanchalik maqsadga muvofiq?

Ikkinchidan, ma'lumotlarga qaraganda, har yili  o‘rta maktabni 550-600 ming nafar atrofida  o‘quvchi bitiradi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotasining umumiy miqdori esa 66-70 ming atrofida. Bu, agar 11 yillik majburiy ta'limga o‘tilsa, har yili umumta'lim maktablarini bitirgan bolalarning o‘n foizi nari-berisigina oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deganidir. 

Xo‘sh, qolgan  salkam to‘qson foizining taqdiri nima bo‘ladi? Ishlaydimi? Kechagina maktab shahodatnomasini olgan bolani qaysi ish beruvchi ishga olishi mumkin? Bu hol yoshlarning bandligi borasidagi shundog‘am yetarli bo‘lgan muammo ustiga muammo tug‘dirmaydimi?

Bunday holatda ota-ona nima qiladi? Farzandi biror hunar egasi bo‘lishi uchun qo‘shimcha choralar izlashga majbur bo‘lishi aniq. Kimdir bolasini biror hunarmandga shogirdlikka bersa, kimdir muayyan kasb bo‘yicha nodavlat o‘quv markazlarida tahsil oldirish payiga tushadi. Bu jarayon ikki yildan kam vaqt talab qilmaydi. Shu ikki yilni 11 yillik majburiy ta'limga qo‘shilsa, umumiy hisob 13 yilni (!) tashkil etadi. Shu holatni mantiq tarozisiga qo‘ysak, “11 yillik ta'limda o‘quvchi 1 yil yutadi”, degan da'vo ancha bahsli ekani oydinlashmaydimi? Ustiga ustak, mazkur ikki holatning istiqbol va samarasi past bo‘lishining ehtimoli yuqori, kamiga ota-ona uchun qo‘shimcha chiqim, ortiqcha riyozat, demakdir. Buni udda qiladigan xonadon bor, udda qilolmaydigani bor... 

Ayni shu nuqtada 9+3 formatiga asoslangan amaldagi majburiy ta'lim afzalligi ko‘zga tashlanadi: to‘qqiz yil umumiy ta'lim maktabida tahsil olgan bola uch yil o‘rta-maxsus kasb-hunar kollejlarida o‘qib, muayyan hunar egallab, ma'lum kasb bo‘yicha zarur ko‘nikma hosil qilib ulguradi. Oliy o‘quv yurtiga kirsa – nur ustiga a'lo nur, aks holda, maxsus diplomga ega – ishga joylashishi mumkin. O‘rta-maxsus kollejlari bitiruvchilarining bandligi masalasi davlat siyosati darajasidagi masala ekani inobatga olinsa, ularning bekor qolib ketishi ehtimoli kundan-kunga pasayib bormoqda. Eng muhimi – bu jarayondagi ta'lim bepul. Bunga shukr qilish kerak. Shunday ekan, “Qay biri afzal: 11 yillik majburiy ta'limmi yoki amaldagi 9+3 formatiga asoslangan ta'lim tizimimi?” degan savol ustida bosh qotirish nechog‘li mantiqqa to‘g‘ri keladi? Qolaversa, umumiy ta'lim va o‘rta-maxsus kasb ta'limi muassasalaridagi o‘quv dasturlari orasidagi farq ham katta. Baski, 11 yillik ta'limga qaytilsa, kim yutadi-yu kim yutqazadi? 

Yana bir muhim holat: yuqorida aytdik, rivojlangan xorij davlatlarida majburiy ta'lim 12 yilni tashkil etadi. O‘zbekistonda 11 yillik majburiy ta'limga o‘tilsa, bu hol kelajakda farzandlarimizning xorijdagi oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatini cheklab qo‘ymasmikan, degan yana bir xavotirli savol paydo bo‘ladi.

To‘g‘ri, hozirgi kunda kasb-hunar kollejlaridagi ma'naviy-axloqiy tarbiya borasida uncha-muncha muammolar borasida bong urilmoqda. Ularga samarali yechim topish dolzarb masala hisoblanadi. Biroq o‘sha yechim tizimni o‘zgartirish hisobiga bo‘lishi umummanfaatga xizmat qilarmikan? Bu hol yangisini qurmay turib, eskini buzishga o‘xshab qolmaydimi? 

Sezib turibmiz, qo‘yilayotgan qator-qator savollar anchagina bahs-munozaraga sabab bo‘ladi. Biroq farzandlarining ertangi taqdiri, kamolini o‘ylagan ota-ona ushbu jumboqqa hozirdanoq asosli javob olishni istaydi. 

Demak, yuqoridagi savollarga mutasaddilardan, birinchi galda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligining Ta'lim markazidan  javob kutmoqqa haqlimiz.  

Tursunali AKBAROV

Top