12:50 / 06.07.2017
45744

Omma oldida chiqish qilishga doir 8 afsona

Omma oldida chiqish qilish va tadbirlar o‘tkazishga doir ko‘p maslahatlar ba'zan foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon keltirishi mumkin. Ular haqida bilib oling va hech qachon bunday xatolarga yo‘l qo‘ymang. "Layfxaker" Ommaviy chiqishlar instituti asoschisi, "Hayajonga qarshi sehrli tugma va muvaffaqiyatli chiqishlarning boshqa tamoyillari" kitobi muallifi Irina Barjakning bu boradagi tavsiyalari bilan bo‘lishdi. 

1-afsona. Imo-ishoralarni qo‘llang

Bu maslahat ko‘pincha yarimprofessional murabbiy va shunchaki ko‘ngillilar tomonidan beriladi. Aslida chiqish vaqtida imo-ishoralar haqida o‘ylashga hojat yo‘q - asosiy e'tiborni maqsadga qaratish muhim. Imo-ishoralar  maqsadingiz qandayligiga qarab o‘z-o‘zidan tug‘ilaveradi. Misol uchun, qo‘llarni orqaga yiqqan holda insonlarga ilhom baxsh etib bo‘lmaydi yo bo‘lmasa, bukchayib olib haq ekaningizni isbotlash qiyin.

Inson imo-ishoralar haqida o‘ylashni bas qilib, maqsadga e'tibor qaratishi bilan o‘zaro uyg‘unlashgan harakatlar o‘z-o‘zidan kelib chiqaveradi.

2-afsona. Ko‘zgu oldida mashq qiling

Maktabdagi har ikkinchi o‘qituvchi o‘quvchilarga ko‘zgu oldida turib mashq qilishni tavsiya qiladi. Artistlarga esa bunday qilish taqiqlanadi. Nima uchun? Siz qanday turish va qanday gapirish haqida o‘ylasangiz, nima demoqchi bo‘lganingizni unutib qo‘yasiz va aksincha. Ko‘zgu qarshisida chiroyli ko‘rinish hosil qilib, uni sahnada takrorlashga urinib, siz diqqat obektini o‘zingizga ko‘chirasiz va aynan shunday paytlarda maksimal hayajon paydo bo‘ladi.

Nutq so‘zlashni tomoshabin oldida turib mashq qilish kerak. U istagan tomoshabin bo‘lishi mumkin, yaxshisi esa, u ijobiy kayfiyatdagi inson bo‘lgani ma'qul.

3-afsona. Matnni yod oling

Matnni quruq yodlash ish bermaydi, chunki hayajon kelgan mahal matnni darhol unutasiz. Biz matnni aqlli, chiroyli so‘zlar bilan boyitib, o‘ng‘aysiz ko‘rinishdan qo‘rqamiz, keyin esa, odatiy nutqqa o‘tishimiz qiyin kechadi. Buning natijasida cho‘ziq pauzalar ("eee", "anaqa", "nima desam ekan", "haligi" va b.) kelib chiqadi va omma oldida noqulay vaziyatda qolasiz.

Aksariyat matnni ko‘z oldiga qo‘yib olib, esdan chiqqanda unga qaraydi-da, shoshilganda kerakli jumlani topa olmagach, o‘zlarini undan-da battar yo‘qotib qo‘yishadi. Umuman olganda, matnning foydadan ko‘ra zarari ko‘proq.

Eng yaxshi variant - o‘z so‘zlari bilan so‘zlash, axir siz quruq matndan ko‘ra aqlliroqsiz va uni xotirjam bayon qilishingiz mumkin. Tezislarni ajratib olish, ularni yirik shriftlarda eslatma tarzida yozib olish va fikringizni o‘z so‘zlaringiz bilan bildirishni tavsiya qilaman.

4-afsona. Chiqishingiz muhrlangan videoni baholang

O‘zingiz tasvirlangan videoni ko‘rish va uni baholashga doir tavsiyani ko‘p uchratish mumkin. Biroq tadbir o‘tib bo‘lganidan so‘ng uni baholab bo‘lmaydi. Boshqa qatnashgingiz ham kelmay qoladi. Hatto professionallarda ham shunday.

Videoda eng asosiysini topa olmaysiz - tomoshabin bilan o‘zaro aloqa. Bu xuddi rok-konsertni videoda ko‘rish kabi - drayv yo‘q. Yoki spektaklni olaylik: TV orqali tomosha qilinganda nima uchun zaldagi tomoshabinlarning yig‘layotgani yo kulayotganini tushunish qiyin. Shunday ekan, konsert yoki spektaklni video orqali baholab bo‘lmaydi. Biz o‘zimiz u yerda bo‘lgan taqdirdagina uning qanday o‘tganini baholashimiz mumkin. Omma oldida nutq so‘zlash ham shunday.

Biz tomoshabinning reaksiyasisiz chiqishimizning yaxshi yo yomon bo‘lganini tushuna olmaymiz. Videoda ko‘proq kamchilik va xatolarimiz seziladi. Tomoshabinlarning yuz va ko‘z ifodalaridan esa, uni baholash qiyin emas.

5-afsona. Sizga yot bo‘lgan mavzularda chiqish qilmang

"Mavzu o‘zingizga yoqsa-ku, mayli, agar shunchaki muayyan mavzudagi ma'ruza bilan chiqish qilish kerak bo‘lsa-chi?" - bu savolni yirik korporatsiyalar menejyerlari ko‘p berishadi. Bunday hollarda, artistlar aytganidek, ma'ruza mavzusini ko‘zdan kechirib, uning qaysi qismi sizga yaqinroq ekanini belgilab oling va shunday qilingki, savollar aynan shu yo‘nalishda bo‘lsin.

San'atkorlar orasida shunday gap bor: artist sahnadan turib nimani his qilsa va ichki nigohi bilan nimani ko‘rsa, tomoshabin ham shuni ko‘radi. Agar ma'ruza o‘zingizga yoqmasa, omma ham uni qabul qilishi qiyin bo‘ladi. Shunday ekan, tomoshabin bilan aloqaga kirishish yo‘lini izlang.

6-afsona. "Nima" "qanday"dan muhimroq

Ma'ruzadan grafik va jadvallar o‘rin olgan bo‘lsa, bu yaxshi chiqishning belgilaridan biri hisoblanadi. Bu ma'lumotlarning qanday taqdim etilishiga esa ko‘p ham e'tibor qaratilmaydi.

Ma'ruza shakli va mazmunining ahamiyatiga doir bahslarga Arastu davridayoq nuqta qo‘yilgan: biri ikkinchisisiz ahamiyat kasb etmaydi.

Agar siz chiqish shakli borasida qayg‘urmasangiz, uning mazmuni tinglovchilarga to‘liq yetib bormaydi. Murakkab grafiklarni yengil va obrazli vizual qatorlar bilan uyg‘unlashtirish muhim, shunda tinglovchi ma'ruzani qabul qilishi osonroq bo‘ladi va siz omma oldida muvaffaqiyat qozonasiz.

7-afsona. Pauzalar - yomon

Ma'ruzachilarni chiqish oldidan pauza muhimligiga ishontirish juda qiyin. U spikerga diqqatni jamlashga va zaldagilar e'tiborini qaratishga yordam beradi.

"30 soniya - bu ko‘p!", - deyishadi tajribachilar. Gitler esa har bir nutqidan oldin 1 daqiqa-yu 15 soniya pauza qilgan. U shu tariqa hammaning e'tiborini o‘ziga qaratishning uddasidan chiqqan.

Muhim ma'lumotdan oldin pauza qanchalik uzoq bo‘lsa, u shunchalik katta ahamiyatga ega, deyishadi rejissyorlar. Yaxshi ma'ruzachilar sahnada biroz o‘ylab olishdan, nimanidir eslashdan va biroz jimlik saqlab, keyin gapirishdan uyalishmaydi. Bu to‘xtamay matnni o‘qish va sahnadan qochishdan ko‘ra tabiiyroq ko‘rinadi. Shunday ekan, pauza olishni mashq qiling, bu juda foydali.

8-afsona. Sinovdan o‘tgan usullarni qo‘llang

Odamlar bu usul albatta ish beradi deya, bir-birlariga g‘alati maslahatlar berishadi. "Tomoshabinlarni tuvakda o‘tirganini tasavvur qilishga qancha urinmay, bo‘lmayapti", - deya arz qilib qoldi bir kishi. Ma'lum bo‘lishicha, kimdir unga hayajondan qutulishning shunday usulini tavsiya qilgan.

Aslini olganda hayajondan qutulishga maqsadni aniq qo‘yish va e'tibor markazini o‘zingizdan tomoshabinlarga ko‘chirish yordam beradi.

Maqsad qo‘ying. U istalgan, yorituvchi va emotsional maqsad bo‘lishi kerak. Endi esa olg‘a! Hayajon fondagina qolsin.

Top