14:22 / 07.07.2017
166374

Video: Shavkat Mirziyoyev Namangandagi ko‘chalardan birida xalq ichiga kirdi

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Namangan ko‘chasida xalq ichiga kirib, odamlar bilan muloqot qildi.

O‘zA bergan xabarga ko‘ra, aholi prezident tashrifidan xursandligini, amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangiliklar uchun minnatdorlik izhor etdi. 

Prezident To‘raqo‘rg‘onda o‘z taklifi asosida tashkil etilayotgan, Ishoqxon Ibratga bag‘ishlangan so‘lim bog‘, yodgorlik majmuasi va «Ibrat maktabi»ni borib ko‘rgan. 

Bog‘ odamlarning mazmunli hordiq chiqarishiga qulaylik yaratish bilan ma'naviy olamini ham boyitadi. Bu yerda ma'rifatparvar bobomizning haykali o‘rnatiladi. Muzey Ishoqxon Ibratning hayoti, serqirra faoliyati bilan tanishtiradi. «Ibrat maktabi»da yoshlar xorijiy tillarni o‘rganadi. Bularning barchasi yaxlit kompleks sifatida allomaning xalqimiz uchun qilgan buyuk xizmatlarini qadrlash, merosini o‘qib-o‘rganish va targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutadi. 

«Ulug‘ ajdodimiz Ibrat taxallusini o‘ziga bejiz tanlamagan. Uning Vatan va yurt taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona hayoti nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kunda ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda», dedi prezident. 

Davlat rahbari mazkur kompleksni mazmun jihatidan takomillashtirish, til o‘rgatish bo‘yicha maxsus maktabni Namangan davlat universiteti qoshida tashkil etish, bu yerda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda xorijiy tillarni ixtisoslashtirilgan tarzda o‘rgatish zarurligini ta'kidladi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur sharoitlar yaratish, majmua atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

«Gap yoshlar tarbiyasi haqida borar ekan, bu borada shoshmaslik, yoshlar va ota-onalarning talab-istaklaridan kelib chiqib, har tomonlama puxta o‘ylab ish tutish kerak», dedi Prezident. 

 

Top