13:49 / 07.07.2017
4869

Microsoft 3000 xodimini qisqartirish haqida e'lon qildi

Microsoft kompaniyasi "bulut" yo‘nalishini kuchaytirishga qaratilgan qayta tashkil qilinish jarayoni doirasida 3000 xodimini qisqartirish to‘g‘risida e'lon qildi. CNBC telekanali shu haqida xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, iste'folarning katta qismi sotuvlar bo‘limini qamrab oladi. Ishchi o‘rinlarning qisqarishi bo‘lim xodimlari umumiy sonining 10 foizni tashkil qiladi, ularning 75 foizi AQShdan tashqarida ishlaydi. 

Microsoft vakilining telekanalga ma'lum qilishicha, kompaniya "mijozlar va hamkorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash" maqsadida shunday qaror qabul qilmoqda. "Bugun biz ba'zi xodimlarimizni ularning pozitsiyasi ko‘rib chiqilayotgani yoki yo‘qotilishidan boxabar qildik. Barcha kompaniyalar kabi, biz ham biznesimiz faoliyatini muntazam baholab boramiz", - deya aniqlik kiritdi vakil. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bir yo‘nalishdagi investitsiyalarni oshirish hamda boshqalaridagi vositalarning qayta taqsimlanishini anglatishi mumkin. Kompaniya Amazon hamda Google bilan raqobatga kirishib, "bulut" texnologiyalarga e'tibor qaratadi. Microsoft 2016 yildan 2017 yilga qadar "bulut" servislar hisobiga o‘z daromadini 15 foizga oshirdi.

May oyida Microsoft 1850 nafar xodimining iste'fosi haqida e'lon qilgandi, bu asosan smartfonlarni ishlab chiqarish va ularni sotish bo‘limlarini qamrab olgan. 

Mavzuga oid
Top