08:58 / 07.07.2017
20602

“Uy qamog‘i”dan “qamoq”ni ma'qul ko‘rdi

2017 yil 1 iyul kuni muqaddam o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi uchun tergov organi tomonidan “uy qamog‘i” ehtiyot chorasi tanlangan ayblanuvchi Metniyazov Normuhammad o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan. U sinov davrida bo‘lganiga qaramay, Olmazor tumani hududida qarovsiz holda qoldirilgan fuqaro Rasulovga tegishli bo‘lgan “Matiz” rusumli avtoulov salonidan jami 4 mln 5 yuz ming so‘m miqdordagi pul mablag‘larini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

Toshkent shahar IIBB tomonidan olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida fuqaro Metniyazov daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik, ya'ni takroran, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

2017 yilning 8 iyun kuni, noma'lum shaxs Sergeli tumani hududida o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, fuqaro M.ning xonadoni temir panjarasini buzib ochib, xonadonga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan. U yerdan ikki dona umumiy bahosi 4 mln 870 ming so‘mlik televizor va 100 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini  o‘g‘irlagan.

Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘g‘irlik, ya'ni o‘zganing mol-mulkini uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yashirin ravishda talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. 

Joriy yilning 3 iyul kuni Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida ushbu jinoyatni muqaddam o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan Farmonov Ravkat va Farmonov Suhrob sodir etilganligi aniqlangan. 

Yuqoridagi shaxslarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanib, ularning boshqa jinoyatga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Shu munosabat bilan Toshkent IIBB fuqarolarga murojaat qilib, mazkur shaxslardan jabrlanganlar bo‘lsa, ichki ishlar idoralariga murojaat qilishlarini so‘raydi. 

Top