09:18 / 08.07.2017
16897

Abituriyent fikri: TATUdagi “maslahatchi”lar o‘z saytini o‘qib tursa, yaxshi bo‘lardi...

Ayni kunlarda O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish avjida. Ichki hayajonlarini yutgan holda jazirama issiqda kuyib-pishib yurgan abituriyentlar, ayrim hollarda hujjat topshirish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishmoqdaki, bu narsa ularning shundoq ham tarang asablarini battar qilmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari oliy dargohiga hujjat topshirishda ana shunday “to‘siq”qa uchragan abituriyentlardan biri o‘z saytida bu haqda hikoya qiladi. 

Kecha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga hujjat topshirgani bordim. Borishdan avval qabul nechigacha bo‘lishini, kerakli hujjatlar ro‘yxatini TUIT.UZ saytidan oldim. O‘zim tanlagan yo‘nalish qabuliga ketayotgandim, qabul komissiyasida «maslahatchi» degani bo‘lar ekan, yonboshlavolib gap otib qoldi.

- Qayerga ketyapsan, qabul tugadi.

- Saytinglardan ko‘rib kelyapman, qabul soat 18:00gacha deb yozilgani uchun kelyapman.

- Saytda shunaqa yozilgan, lekin biz 17:30gacha qabul qilamiz.

 «Nega unda 18:00gacha degansizlar», deyishga ham ulgurmasdan gapimni bo‘lib, «Qani hujjatlaringni ko‘raychi, kamchilik bordur», dedi-da ularni tekshirishni    boshladi. Birozdan so‘ng «Ana, “ostrochka” (Armiyaga aloqador hujjat) yo‘q ekan, bor topib kel», dedi.

- Saytinglarda bu haqida yozmagansizlar-ku.

- Nega ko‘p gapirasan? Topib kel dedimmi, topib kel.

- Borib topshirib ko‘ray, balkim o‘tkazib yuborishar?..

- Xo‘p, boraqol. Baribir qaytib kelasan.

Undan o‘tib ikki qadam yurishimni bilaman yana bittasi chaqirib qoldi, ortimga o‘girilmasimdan, haligi maslahatchi boshqasiga qarab: «Qo‘yib yuboraver, baribir “ostrochka”dan qaytaradi», dedi.

- Iya, rostanmi? Men “ostrochka”si yo‘qlarni o‘tkazmayman. Qani, hujjatlaringni bir ko‘raychi... Buning ustiga qabul tugadiku ukam...

- TUIT.UZ sayti sizlarnikimi?

- Ha, bizniki.

- Saytinglarda yozilgan narsaga javob berasizlarmi?

- Ha.

- Nega unda, qabul 18:00gacha degansizlar? Qabul 17:30da tugayapti, “ostrochka”ni esa faqat MAXSUS FAKULTeT va MAXSUS SIRTQI bo‘lim uchun kerak, deb yozilgan bo‘lsa, nega mendan so‘rayapsizlar?

- Ukam, biz Mudofaa vazirligini hurmat qilamiz, keyin saytga har nimani yozib bo‘lmaydi. Yaxshilab qara, o‘sha joyda ARMIYaGA ALOQADOR HUJJAT deb yozilgan joyi bor.

- O‘sha joyini o‘qib kelyapman, siz aytgan ARMIYaGA ALOQADOR HUJJAT boshqa fakultetlarga taalluqli ekan.

Qolgani esimda yo‘q, hujjatlarimni olib chiqib ketdim, u esa ortimdan nimadirlar, deb qoldi. O‘z rasmiy saytiga javob berolmagan OTM, qanday qilib talabalariga, o‘qitish tizimiga javob beradi? Nima TATU vakillari hazillashishni yaxshi ko‘rishadimi, deyman? Yoki abituriyent sirkdagi masxarabozmi? Qay holga solsa shundan o‘ynaveradigan? Abituriyentni qiynab bular nima topishadi, hech tushunmayman. Bir safar soqol deydi, kelasi safar forma deydi, yana boshqa safar hujjatdan kamchilik topadi, yana boshqa safar borsang ishlamayapmiz deydi. Yaxshiyam bu OTMlar chet eldagi “Oksford”, “Kembridj” kabi universitetlar bilan tenglasholmaydi, bilmadim agar shu darajaga yetganida nimlar talab qilinardi?!

Top