00:54 / 08.07.2017
91616

Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi miqdori ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 iyundagi 417-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda ayrimlarini kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zbekiston hududida davlat stipendiyalari va stipendiyalar miqdori tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.
 
Unga muvofiq, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini oluvchi talabalarga  «Islom Karimov davlat stipendiyasining sohibi» guvohnomasi topshiriladi.
 
Ma'lumki, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi PQ-2744 qarori bilan tashkil etildi. 

O‘zbekiston Prezidenti va Beruniy, Ibn Sino, Navoiy va Ulug‘bek stipendiyalari uchun joriy qilingan stipendiyani to‘lash va tayinlash tartibi Imom al Buxoriy va Islom Karimov nomidagi stipendiyalar uchun ham birdek amal qiladi. 

Bundan tashqari, talabalarga beriladigan stipendiyalarning boshlang‘ich miqdori ham tasdiqlandi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi me'yordagi stipendiyaning 3 baravari miqdorida;

Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari miqdori me'yordagi stipendiyaning 2 baravari miqdorida belgilangan. 

Prezidentning ish haqlarini oshirishga doir farmonlari qabul qilinishi munosabati bilan Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligining talabalar me'yoriy stipendiyalar miqdorini o‘zgartirishga oid maxsus buyrug‘i qabul qilinadi. 

Top