20:08 / 08.07.2017
18823

Ivanka Tramp G20 uchrashuvlaridan birida otasining o‘rniga o‘tirdi

AQSh prezidentining qizi Ivanka Tramp Hamburgda o‘tayotgan G20 sammiti uchrashuvlaridan birida otasining o‘rniga qatnashdi. Bu haqda Rossiyaning G20’dagi vakillaridan biri Svetlana Lukash o‘z Tvitterida ma'lum qilgan

AQSh prezidenti Donald Tramp qizi Ivanka bilan Hamburgdagi G20 sammitida. 2017 yil 8 iyul

«Hamburgda o‘tayotgan G20 sammitining ikkinchi kuni Afrika, migratsiya va sog‘liqni saqlash masalalarini muhokama qilishdan boshlandi. Ivanka prezident Tramni kuzatib kelmoqda... va otasi ikki tomonlama uchrashuvlarga ketgan chog‘da G20 stolida uning o‘rnini egallamoqda», — deb yozgan diplomat Tvitter’da.

Oq uy vakili G20 mamlakatlari yetakchilari uchrashuvi chog‘ida Ivanka orqa planda turgani, otasi majlisni tark etishga majbur bo‘lganida esa «qisqa vaqt uning o‘rnini egallab turgani»ni tasdiqladi.

«Boshqa davlatlar va hukumatlar rahbarlari ham zalni tark etishganida ularning ham o‘rniga kimlardir o‘tirib turmoqda», — degan mulozim.

Spiegel jurnalining qayd etishicha, Donald Tramp yo‘qligida muzokara stolida rivojlanayotgan davlatlarda ayollarning bandligi masalasi muhokama qilinayotgan edi. 

Ivanka Tramp — prezident Trampning chexoslovakiyalik sportchi va fotomodel Ivana Zelnichkova bilan nikohidan tug‘ilgan to‘ng‘ich qizi hisoblanadi. Otasi davlat rahbari lavozimiga saylangach, u jamoatchilik asosida uning yordamchisi bo‘lib ishlamoqda. Bir qator siyosatchilarning fikricha, u otasi va umuman, Oq uy siyosatiga ulkan ta'sir o‘tkazib kelmoqda.

Donald Trampning o‘zi ham bir necha bor qizi bilan juda faxrlanishini aytib o‘tgan. Kunlarning birida, agar Ivanka uning qizi bo‘lmaganida, qiz qaytaga osonroq ishlagan bo‘lardi, deb hazilomuz ohangda iqror bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top