15:00 / 09.07.2017
27074

Machu-Pikchu - Inklarning sinoatli shahri (foto)

Foto: Shutterstock

Machu-Pikchu — Perudagi 2438 metr balandlikda joylashgan, qadimiy inklarning yo‘qolgan shahri hisoblanadi. Taxminan 1440 yilda inklar tomonidan asos solingan va 1532 yilda to‘satdan huvillab bo‘shab qolgan shahar ancha vaqt kishilarning e'tiboridan chetda bo‘lgan. Tog‘ shamollarining yemirishi va o‘t-o‘lanlar qoplab olishi tufayli asta-sekin yo‘qlik tomon yuz tutgan shaharga 1911 yilda amerikalik tarixchi olim Hayram Binghem duch keladi.

2007 yil 7 iyulda Machu-Pikchu jahonning yangi yetti mo‘'jizasidan biri sifatida tan olinadi. 13 iyul kuni Peru prezidenti Alan Garsia bu kunni bayram sifatida nishonlash haqidagi farmonini imzolaydi.

Bugun Machu-Pikchu jahonning eng mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi: bu yerga Kusko shahridan poyezdda kelish mumkin, yo‘lga uch soatcha vaqt sarflanadi. Biroq toqqa piyoda chiqishni istaydiganlar ham bor, Inklar so‘qmog‘i bo‘ylab chiqish uchun bir necha sutka vaqt ketadi.

Cho‘qqiga yetib borgan sayohatchilarni ibodatxonalar, uylar, omborlar, hattoki rasadxona qarshi oladi. Shuningdek, murg‘ak lamalar, alpaklar bilan uchrashib, o‘z chiroyi bilan inson qo‘li bilan yaratilgan har qanday narsadan ustun turuvchi And tog‘larining takrorlanmas manzaralariga guvoh bo‘lish mumkin. Gazeta.Ru Machu-Pikchuning betakror manzaralari aks etgan fotogalereyani e'lon qildi.

Foto manbasi: Shutterstock

Mahalliy lama va alpaklar suratga tushishni juda yoqtirishadi.

 

Foto manbasi: Shutterstock

Machu-Pikchuga yo‘l olish uchun eng maqbul yo‘l Aguas-Kalentes shaharchasigacha boradigan poyezdga minishdir. 

Foto manbasi: Pilar Olivares/Reuters

Turistlar uchun eng maqbul davr iyun oyidan avgustgacha hisoblanadi. Apreldan oktabrgacha quruq mavsum hisoblanadi (Inklar so‘qmog‘i fevral oyida yopiladi).

Foto manbasi: Pilar Olivares/Reuters

Fotosuratchilar uchun Machu-Pikchudagi eng qulay ob-havo iyul oyida kuzatiladi.

Foto manbasi: Enrique Castro-Mendivil/Reuters

Hindu tilidan tarjima qilinsa Machu-Pikchu «qo‘hna cho‘qqi» ma'nosini beradi.

Foto manbasi: Shutterstock

Noyabrdan martgacha hududda kuchli yomg‘irlar yog‘adi.

Foto manbasi: Enrique Castro-Mendivil/Reuters

O‘zining mo‘'jaz o‘lchamlari bilan Machu-Pikchu yirik shahar roliga da'vogarlik qilmaydi — unda 180 ga yaqin inshoot bor. Ular: yaxshilab ishlangan toshdan terib bunyod etilgan qarorgohlar, ibodatxonalar, omborlar va turar joylardir.

Foto manbasi: Mariana Bazo/Reuters

Shahardagi barcha qurilish obektlari an'anaviy ink texnikasidan foydalanib barpo etilgan: silliqlangan turli o‘lchamdagi toshlar bir biriga jips yopishtirilgan va ularning orasiga biror aralashma qo‘shilmagan.

Foto manbasi: Reuters

Machu-Pikchu 1911 yilda, bu yerga amerikalik tadqiqotchi Hayram Binghem kelgach va bu go‘shani «Peruning unikal yodgorligi» deb ataganidan so‘ng, keng omma uchun mashhur bo‘lib ketgan.

Foto manbasi: Shutterstock

1983 yilda Machu-Pikchu YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi va ommaviy sayyohlik markazlaridan biriga aylandi.

Mavzuga oid
Top