10:40 / 09.07.2017
15014

O‘zbekiston o‘smirlari Afg‘oniston vakillariga yutqazdi, bu asosiy tarkib emasligi iddao qilindi

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining CAFA U-15 Boys Tournament xalqaro turniri o‘z yakuniga yetdi.

O‘FF matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, turnir g‘olibligi uchun kechgan bahsda Aleksandr Mochinov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar termasi afg‘onistonlik tengdoshlariga qarshi bellashdi. Gollarga boy o‘tgan o‘yinda Afg‘oniston o‘smirlar terma jamoasi 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra, CAFA U-15 Boys Tournament g‘olibiga  aylandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar kumush medallarga sazovor bo‘ldi. 

Musobaqaning so‘nggi kunidan o‘rin olgan o‘yinlardan birida mezbon Tojikiston o‘smirlar termasi Turkmaniston U-15 futbolchilari bilan kuch sinashib, 3:1 hisobida zafar quchdi.

O‘zbekistonlik futbolchi Bo‘ronbek Mirzasalimov musobaqa davomida raqiblar darvozasiga jami 5ta gol urib, turnir to‘purariga aylandi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi xabarida Tojikistondagi musobaqada O‘zbekiston o‘smirlar termasining ikkinchi jamoasi qatnashganini qayd etilgan. Dilshod Nuraliyev bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-15 asosiy terma jamoasi 13–17 iyun kunlari Xitoydagi xalqaro musobaqada ishtirok etishi tufayli mamlakat o‘smirlar termasining ikkinchi jamoasi tashkil qilindi. 

CAFA U-15 Boys Tournament xalqaro turnirida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgan, ishonchli o‘yin namoyish qilgan futbolchilar Dilshod Nuraliyev tomonidan O‘zbekiston o‘smirlar termasining asosiy jamoasiga taklif qilinishi mumkin. 

CAFA U-15 Boys Tournament
Tojikiston, Dushanbe
8 iyul, shanba

O‘zbekiston U-15 – Afg‘oniston U-15 — 2:3
Gollar: Samir Samandari, 6 (1:0). Husain Norchayev, 39 (1:1). Ahmad Tamim Mirzoda, 48 (2:1). Sayyes Afhar Husayni, 78 (3:1). Alibek Davronov, 83 (3:2).
O‘zbekiston U-15: Sarvar Yo‘ldoshev (Anvar Nazirov, 78), Foziljon Pirimqulov (Jasurbek Qahhorov, 63), Abdumutal Rajabboyev, Bektemir Abdumannonov (Abduvohid G‘aniyev, 80), Sultonbek Nekboyev, Javohir Abdualimov, Diyor Xolmatov (Abdujabbor Zuhriddinov, 75), Bo‘ronbek Mirzasalimov (Saidumarxon Sodiqov, 58), Davron Alibekov, Ikrom Erkinov, Husain Norchayev.
Afg‘oniston U-15: Muhammad Sharifi Aminzoda, Muhammad Amin Nizomi, Abdulmunir Hazrati, Sajald Ali Halili, G‘ulom Yaxyo Xedri, Samir Samandari, Sherzod Fayzuddin, Muhammad Xarun Nosiri (Rahim Husayni, 90+2), Ali Zohidi, Ahmad Tamim Mirzoda (Sayyes Afhar Husayni, 61), Fardin Naseri.
Ogohlantirishlar: Ahmad Tamim Mirzoda (49), Fardin Naseri (90+4), Muhammad Sharifi Aminzoda (90+5).

Top