13:40 / 10.07.2017
23225

Buloqboshi tumanidan qilingan murojaat e'lon qilinmasdan ijobiy yakun topdi

O‘tgan haftada Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidagi Barlos mahallasida yashovchi aholi nomidan Kun.uz tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Arizada mahalladagi yo‘llar yaroqsiz holga kelib qolgani haqida bayon qilinib, fuqarolar tomonidan turli idoralarga bildirilgan murojaatlar samara bermayotganligi aytilgan edi. Jumladan, mahallada mavjud ikkita ko‘chaning qishda loy va yozda changga botishi aholiga, ayniqsa maktab o‘quvchilariga juda katta qiyinchilik tug‘dirayotgani bildirilgan.

Murojaatni o‘rganish maqsadida tahririyat xodimi Buloqboshi tumanida bo‘ldi. Tuman hokimi Doniyorbek Maqsudov bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng mutasaddi yo‘l holati bo‘yicha bildirilgan e'tirozni o‘rganib, o‘tgan haftaning o‘zida mavjud muammoni ijobiy hal qilib bergani, e'tirofga loyiq. Tuman hokimi Barlos mahallasida aholi bilan hududdagi turli idora ma'sullari bilan birgalikda uchrashuv o‘tkazdi.  

“Yil boshidan beri har haftada tumanimizning barcha hududlari aholisi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib, barcha sohalarda mavjud muammolarni hal etish borasida ish olib bormoqdamiz. Barcha kamchiliklarni o‘rganib chiqib, ijobiy hal qilish ma'lum bir fursatni talab qiladi. Joriy yilning birinchi choragida tumanimizdagi 21 ta ko‘cha dastur asosida ta'mirlangan bo‘lib, ikkinchi chorakda yana 20 tadan ziyod mahalla  ko‘chalarini yaxshi holatga keltirish rejalashtirilgan. Tuman hokimligi hamda boshqa idora rahbarlari nafaqat yo‘l, balki boshqa yo‘nalishlarda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun mana shunday ochiq muloqotlar o‘tkazib bormoqda”,- deydi tuman hokimi. 

Murojaatda keltirilgan ko‘chaga shag‘al yotqizish ishlari yakuniga yetkazilib, texnika vositalari yordamida tekislandi. Mahalla ahli amalga oshirilgan ish yuzasidan o‘z minnatdorchiligini bildirdilar.

- Men Zaynabxon Boboxonova mana shu mahallada istiqomat qilaman, - deydi yoshi yetmishni qoralagan onaxon. – Bugun tumanimiz mutasaddilari bilan bo‘lgan uchrashuv davomida, mahallada yig‘ilib qolgan muammolarni aytdik. Yo‘l masalasi joyida hal etildi. Murojaatimizni tez kunlarda hal etilganidan xursandmiz. 

Kun.uz tahririyati aholi tomonidan qilingan murojaatni o‘rganib, tez fursatda hal qilib berganligi uchun Buloqboshi tumani hokimligiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.  

Top