20:08 / 10.07.2017
29442

Salomatlikka ziyon yetkazmasdan qancha shakar iste'mol qilish mumkin?

Inson kundalik taomida yog‘lar va uglevodlar, xususan shakarni iste'mol qilish orqali ko‘p quvvat oladi. Bu esa, semirishga sabab bo‘ladi. Agar ushbu tendensiya nazorat qilinmasa, turmush kechirish bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish ehtimoli kuchayadi. 

Qandli diabet, yurak-qon aylanish kasalliklari va saratonning ayrim turlari og‘ir vaznlilar uchun tahdidlidir. Shuni e'tiborga olgan holda, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bolalar va kattalar uchun «erkin shakar» iste'mol qilish miqdorini kunlik olingan kaloriyaning 10 foiziga kamaytirishni tavsiya qiladi. Bu miqdorni yana 5 foizga kamaytirish qo‘shimcha ustunlik taqdim etadi. 

Erkin shakar monosaxaridlar (glyukoza) va disaxaridlar (saxaroza yoki iste'mol shakari) kabilarga bo‘linadi. Ular ishlab chiqaruvchilar tomonidan shirinliklar va ichimliklarga qo‘shiladi. Bundan tashqari, ayrim tabiiy mahsulotlar, masalan asalda ushbu ikki shakar turi ham uchraydi. 

Monosaxaridlar va disaxaridlar mevalar va sabzamotlar tarkibidagi shakardan farqlanadi. Shu bilan birga, mevalar va sabzavotlarni iste'mol qilish bilan qabul qilinuvchi shakarning inson sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatishi ilmiy isbotlanmagan. JSST tavsiyasi sarxil meva-sabzavotlarga oid emas. Shunday ekan, ishtaha tortguncha ular iste'mol qilish mumkin.


 
O‘rtacha tana tuzilishli inson kuniga 25 gramm shakar tanovul qilsa yetarli hisoblanadi. Bu 6 choy qoshiqqa yaqindir. Balki, bu raqamni yanada kamaytirish foydaliroqdir? Axir, JSST tavsiyasiga baribir rioya qilinmaydi yoki doimiy ravishda buziladi. Avstraliya aholisining 59 foizi kuniga 56 grammdan ko‘p shakar iste'mol qiladi. Amerikadagi vaziyat ham deyarli shunday. Rossiya fuqarosi bir kunda 40-50 grammga yaqin shakar iste'mol qiladi. 

Aytish joizki, shakarning katta qismi (75 foizga yaqini) qayta ishlangan, qadoqlangan mahsulotlar va ichimliklar orqali tanaga kiradi. Qolgani choy, qahva hamda o‘zimiz tayyorlaydigan boshqa mahsulotlar orqali qabul qilinadi. 

Bunda, erkin shakarning eng katta ulushi shirin ichimliklarga to‘g‘ri keladi. 600 millilitrlik ichimlikda 40-70 gramm shakar bo‘ladi. Bir stakan gazlangan ichimlikdan so‘ng, tetiklashish sababi mana shunda. 

Oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarga qo‘shiladigan shakar turli nomlar ilan atalishi mumkin. Shunday ekan, mahsulotlar yorliqlaridagi ma'lumotlarni diqqat bilan o‘qing. Matnda quyidagilarga e'tibor bering: saxaroza, glyukoza, makkajo‘xori siropi, maltoza, dekstroza, rafinirlanmagan shakar, shakarqamish shakari, meva soki konsentrati, melassa kabilarni izlang. 

Shakar miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni kamroq tanovul qilishga harakat qiling. Shokolad va so‘rg‘ich konfetlar, tort, pechene, shirin alkogolsiz ichimliklar, likyorlar, mevali va sportchilarga mo‘ljallangan ichimliklardan chetroq yuring. Ikki hafta chidasangiz, o‘zingizni ancha yaxshi his qila boshlaysiz. 

Mavzuga oid
Top