18:33 / 10.07.2017
18337

Suv quduqlarini burg‘ilash tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 27.06.2017 yildagi 430-son “Yer osti suvlaridan foydalanish sohasidagi faoliyatni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

O‘rnatilishicha, ruxsatnoma suvga quduqlarni burg‘ilash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga, texnik imkoniyatlari va zarur bo‘lgan soha kadrlari mavjud bo‘lganda, har bir quduq uchun alohida beriladi.

Ruxsatnomani olish uchun arizachi tegishli hududiy gidrogeologiya stansiyasiga arizani taqdim etadi. Ariza quyidagilarni o‘z ichiga olishi darkor:

•  arizachining to‘liq rasmiy nomi ko‘rsatilgan ruxsatnoma olish uchun ariza;
•  yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun buyurtmachi va arizachi o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxasi;
• yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun mo‘ljallangan yer maydoniga buyurtmachining huquqini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
•  yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun loyiha hujjatlari;
•  davlat ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasi;
•  arizachining texnik imkoniyatlari haqida ma'lumot, mavjud uskunalarning texnik pasportlari nusxalari;
•  arizachining tegishli mutaxassislari haqidagi ma'lumotlar, ularning diplom nusxalari.
 
Boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.

Bunda ruxsatnoma olish quyidagilar uchun talab etilmaydi:

•  jismoniy shaxslar uchun chuqurligi 25 metrdan kam bo‘lgan quduqlarni burg‘ilash uchun va sutkasiga ko‘pi bilan 5 metr kub hajmdagi yer osti suvlarini shaxsiy ehtiyojlar uchun individual olishga qaratilganda;
• Davlat geologiya qo‘mitasiga qarashli gidrogeologiya tashkilotlari uchun yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash har yilgi mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturi doirasida amalga oshirilganda.

Mavzuga oid
Top